Yaponiya Osiyo davlatlariga energiya inqirozini yengib o‘tish uchun mablag‘ ajratadi
Bir qator Osiyo davlatlari aholini avtomobillardan birgalikda foydalanishga va konditsionerlarni kamroq ishlatishga chaqirmoqda.

Yaponiya Osiyodagi qo‘shni davlatlarga, ayniqsa Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga energiya ta’minotidagi uzilishlarni yengib o‘tishda yordam berish maqsadida 10 milliard dollar ajratishini e’lon qildi. Ushbu tashabbus Eron bilan urush oqibatida yuzaga kelgan global energiya inqirozi fonida ilgari surildi. Bu haqda Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi Osiyo davlatlari yetakchilari bilan o‘tkazilgan onlayn uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi, deya xabar bermoqda BBC.
Sanae Takaichiga ko‘ra, yangi hamkorlik mexanizmi Osiyo mamlakatlariga xom neft va neft mahsulotlarini xarid qilishda ko‘maklashish, ta’minot zanjirlarini barqaror saqlash hamda strategik zaxiralarni kengaytirishni nazarda tutadi.
Takaichi Yaponiya mintaqa davlatlari bilan ta’minot zanjirlari orqali chambarchas bog‘langanini va o‘zaro iqtisodiy qaramlik mavjudligini ta’kidladi. Xususan, Yaponiya neftdan olinadigan mahsulotlar, jumladan tibbiy uskunalar bo‘yicha Janubi-Sharqiy Osiyoga tayanadi.
Mutaxassislar qayd etishicha, Osiyoga energiya ta’minoti uzilishlari sezilarli ta’sir qilmoqda. Bu holat Hormuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashishdagi cheklovlar bilan bog‘liq. Mazkur dengiz yo‘lagi orqali o‘tadigan neft va gazning qariyb 90 foizi aynan Osiyo davlatlariga yo‘naltirilgan.
Yaponiya tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ajratilayotgan mablag‘ hajmi Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi mamlakatlarining bir yillik xom neft importiga deyarli teng. Tashabbus Filippin, Malayziya, Singapur, Tailand, Vetnam, Bangladesh va Janubiy Koreya yetakchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Loyihani moliyalashtirish turli manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Jumladan, bunga Yaponiya xalqaro hamkorlik banki, Yaponiya eksport va investitsiyalar sug‘urtasi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va Osiyo taraqqiyot banki kabi institutlar jalb etiladi.
Bosh vazir Takaichi mazkur tashabbus Yaponiyaning ichki neft ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligini bildirdi. 2025 yil yakuniga ko‘ra, mamlakat zaxiralari 254 kunlik ichki iste’molni qoplashga yetarli bo‘lgan. Shu bilan birga, global energiya inqirozi sabab hukumat zaxiralardan foydalanishni boshlagan.
Xususan, o‘tgan oy rekord darajada — 50 kunlik neft zaxirasi bozorga chiqarildi. May oyi boshida yana 20 kunlik zaxirani chiqarish rejalashtirilgan.
Lekin Yaponiyada neftdan olinadigan va plastmassa ishlab chiqarishda muhim xom ashyo hisoblangan nafta tanqisligi bo‘yicha xavotirlar kuchaymoqda. Bu holat ayniqsa tibbiyot sohasida sezilmoqda, chunki shpritslar, qo‘lqoplar va dializ uskunalari aynan ushbu modda asosida ishlab chiqariladi.
Rasmiylar yaqin muddatda jiddiy uzilishlar bo‘lmasligini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, nafta yetishmovchiligi aholisi tez qarib borayotgan mamlakat sog‘liqni saqlash tizimiga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkinligi qayd etilmoqda.
Janubi-Sharqiy Osiyoda ham vaziyat keskinligicha qolmoqda. Neft narxlarining keskin oshishi ortidan hukumatlar aholiga energiyani tejash choralarini ko‘rishni tavsiya qilmoqda. Xususan, avtomobillardan birgalikda foydalanish va konditsionerlardan kamroq foydalanishga chaqiriqlar yangramoqda. Filippin esa milliy miqyosda energiya favqulodda holatini e’lon qilgan.
Shuningdek, Yaponiya mezbonligida o‘tgan sammitda Filippin prezidenti Ferdinand Markos Jr. ASEAN doirasida yonilg‘i almashish mexanizmini ishga tushirishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, Osiyo davlatlaridan hech biri bunday miqyosdagi ta’minot zanjiri uzilishlariga yakka holda bardosh bera olmaydi.







