O‘qituvchilar nega kaltaklanmoqda?
So‘nggi paytlarda o‘quvchi bilan o‘qituvchi o‘rtasida yuz berayotgan ziddiyatlarga pedagog munosabati.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi maktablarning birida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchining o‘quvchilar tomonidan kaltaklangani voqeasi keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik bu holatda o‘qituvchini oqladi, ayrimlar esa o‘quvchilarni. Biroq tegishli idora vakillari vaziyatni o‘rganib chiqib, hal qiluvchi hukmni o‘qiydi.
Men pedagogman. O‘z kasbimni, maktabni, bolalarni yaxshi ko‘raman. O‘z o‘quvchilari yoki ota-onalar tomonidan kaltaklanayotgan, haqoratlanayotgan hamkasblarim ham o‘zidan o‘zi bu sohaga kelib qolmagan. Bolaligidan shu kasbga havas qilgan, millat farzandlariga bilim berishni maqsad qilgan.
Bu kabi holatlarning yildan yilga ko‘payib borayotgani taʼlim sohasi vakillari qatori meni ham o‘ylantiradi, xavotirga soladi. Chunki so‘nggi yillarda bu kabi hodisalar soni ortib boryapti.
2021 yil aprel oyida Qashqadaryo viloyatida o‘quvchisiga 2 baho qo‘ygani tufayli o‘qituvchi kaltaklangan. 2022 yil okyabrida Namangan viloyatida ham o‘qituvchining o‘quvchi tomonidan kaltaklangani videosi tarqalgan. Noyabr oyida esa poytaxtimizning Mirobod tumanida ham o‘qituvchi kaltaklangan. Joriy yilning may oyida o‘qituvchi o‘z o‘quvchisining onasi tomonidan kaltaklandi...
Bular ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan o‘qituvchi kaltaklanishi bilan bog‘liq ayrim xabarlar xolos. Hududlarda bu kabi holatlar davom etayotganini, afsuski, inkor eta olmaymiz.
Maktabga har bir bola bilim olaman deb talpinib qadam bosadi. Bizning vazifamiz, ularning qalbidagi ana shu istakni yuzaga chiqarishdan iborat. Bu yo‘lda bizga ota-onalar hamkorligi suv va havodek zarur. Bugun ayrim bolalarni oila va maktab emas, zamonaviy telefonlar boshqarmoqda. Ularni fanga qiziqtirish, tarbiyasiga ijobiy taʼsir ko‘rsatish maqsadida o‘z ustimizda tinmay ishlaymiz, ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar fikrini o‘rganamiz. Nafaqat maktabda, balki yo‘l-yo‘lakay ham ularning muammolari bilan qiziqamiz.
Konstitutsiyamizning yangi tahririda ham o‘qituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish bilan bog‘liq normalarning mustahkamlanayotgani ushbu yo‘nalishdagi saʼy-harakatlarni yana-da yangi bosqichga ko‘taradi. Xususan, 52-moddada O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etilishi, shuningdek, davlat o‘qituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi o‘z ifodasini topdi.
Hazrati Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, dunyoning bor boylik va xazinasi bilan ham ustozlarning olijanob mehnati haqini ado etib bo‘lmaydi.
Binobarin, biz ustoz va murabbiylarimizni qancha ulug‘lasak, eʼzoz qilsak, shuncha ozdir. Negaki, ustoz maqomi, otaning maqomi bilan tengdir. Ota farzandni dunyoga keltirsa, ustoz unga saboq berib yuksaklikka olib chiqadi.
Shularga qaramay, ota-onalar, baʼzan o‘quvchilar tomonidan o‘qituvchiga nomaʼqul munosabatlarning takrorlanishi maktab va o‘qituvchiga hurmatsizlikdir.
Mashhura OTAJONOVA,
Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi 16-maktab o‘qituvchisi







