To‘g‘ri ovqatlanish o‘limlar sonini kamaytiradi

JSSTga ko‘ra, bu inson salomatligini 70 foizgacha kafolatlaydi.

To‘g‘ri ovqatlanish o‘limlar sonini kamaytiradi

 

Inson yashash uchun taomlanadi. Taom bevosita inson faoliyatiga ijobiy taʼsir ko‘rsatib, organizmning meʼyorda ishlashiga imkon beradi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan to‘g‘ri ovqatlanish odam salomatligini 70 foizgacha kafolatlashi alohida qayd qilingan. Shu sababli dunyoning rivojlangan davlatlarida iloji boricha ushbu tamoyilga alohida eʼtibor qaratilib kelinmoqda. Ovqatlanish tanada hujayra va to‘qimalar hosil bo‘lishi va yangilanishi, o‘sishi, ulg‘ayishi uchun juda muhim bo‘lib, turli noqulay turmush sharoiti, kasallik va boshqalarga bardoshlilik xususiyatini shakllantirishga ham yordam beradi.

 

Zamon.uz to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha mutaxassislarning fikrlarini o‘rganishga va ularning tavsiyalarga quloq solishga harakat qildi. Ularning maʼlum qilishicha, kundalik taomnomamizda isteʼmol qilayotgan ovqatlarimizning sifatiga jiddiy eʼtibor qaratishimiz bizni turli kasalliklardan saqlaydi.

 

Oziq-ovqat mahsuloti xarid qilishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

 

Abdurahmon Ismoilov, respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bosh mutaxassisi:

 

Inson kun davomida qanday mehnat bilan shug‘ullanishiga qarab to‘g‘ri ovqatlanishi lozim. Bilasizmi, ko‘p hollarda oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilish oqibatida insonlar o‘rtasida oshqozon-ichak faoliyatining o‘tkir buzilishi yoki ovqatdan zaharlanish holatlari ko‘p uchramoqda. Mutaxassislar isteʼmolga yaroqli yoki yaroqsiz bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarni tavsiya qilib, o‘z xulosalarini berishgan. Ular maxsus laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilib, yaroqli hisoblangan taqdirda isteʼmolga ruxsat etiladi. Har qanday taomni yoki birorta oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash uchun, albatta, shu faoliyat bilan shug‘ullanadigan korxona birinchi navbatda yaroqli mahsulotlardan foydalanishi kerak. Lekin undan tayyorlangan isteʼmolga yaroqli tayyor yegulik taomlarni noto‘g‘ri saqlash, tashish, qolaversa, tayyorlash jarayonida texnologik talablarga rioya qilmaslik mahsulotning sifatiga jiddiy zarar yetkazadi. Turli mahsulotlardan tayyorlangan ovqatimiz ham isteʼmolga yaroqsiz bo‘lishi mumkin va ushbu mahsulotlarni isteʼmol qilish oqibatida yuqorida taʼkidlaganimdek oshqozon-ichak faoliyatining o‘tkir buzilishi yoki ovqatdan zaharlanish holatlari yuzaga keladi.

 

Har bir xarid qiladigan mahsulotlarimizni faqatgina ruxsat etilgan savdo nuqtalaridan sotib olishimiz kerak. Isteʼmolchi sifatida ushbu mahsulotlarning xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha rasmiy hujjati borligiga eʼtibor qaratishingiz lozim. Yaʼni siz isteʼmolchi sifatida sotuvchidan mahsulotni isteʼmolga yaroqliligi to‘g‘risida hujjat bilan tanishtirishni, keyin esa aynan mazkur mahsulot yorlig‘i bo‘yicha kim tomonidan ishlab chiqarilgani, isteʼmolga yaroqlilik muddatini tekshirishingiz shart. Ushbu mahsulotni ishlab chiqarilgan sanasi va isteʼmolga yaroqlilik muddatiga eʼtibor berishimiz bilan birgalikda mazkur mahsulotning tashqi ko‘rinishi bo‘yicha aynan unga xos belgilarning o‘zgargan yoki o‘zgarmaganligiga, aynigan-aynimaganligiga eʼtibor qaratganingizdan so‘ng xarid qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

 

To‘g‘ri taomlanish bilan 99 foiz kasallikning oldi olinadi

 

Dilafro‘z Sharifova, dietolog:

 

Aslida to‘g‘ri ovqatlanish degan tushuncha umuman yo‘q. Biroq ratsional petaniya mavjud. Tana uchun uchta oziqlantiruvchi vosita bor. Bular oqsillar, uglevodlar va yog‘lar. Kletchatkani ham bunga qo‘shishimiz mumkin. Mana shu to‘rtalasini teng miqdorda isteʼmol qilish ratsional ovqatlanish deyiladi. Uning zamonaviy nomi to‘g‘ri ovqatlanish deb yuritiladi. To‘g‘ri ovqatlanish uchun nimalarga eʼtibor qaratish kerak?

 

Parhez – kasal va sog‘lom odamlarga buyuriladigan ovqatlanish turi hisoblanadi. Barcha sog‘lom insonlar ratsional ovqatlanishga eʼtibor qaratishi kerak. Biroq bunga ochlik kirmaydi. Ochlik insonga ozish, semirish yoki sog‘lom bo‘lish uchun yordam bermaydi. Insonning o‘z sog‘lig‘iga eʼtibor berishi, bu – intizom bilan ovqatlanishi. Yaʼni uch mahal ovqatlanishni o‘z vaqtida va intizom bilan bajarishi unga sog‘lom bo‘lishiga yordam beradi. Oshqozon osti tomonidan insulin va o‘t suyuqligidan har uch soatda ishlab chiqariladi. Ushbu suyuqlik ovqat hazm bo‘lishini osonlashadi. Oshqozonga ovqat tushmasa, o‘tdan tomib turadigan suyuqlik oshqozonda dimlanib, eroziyani yuzaga keltiradi va oshqozon shilliq devorining yemirilishiga olib keladi. Bu esa oshqozon yaralarini vujudga keltiradi. Shu sababli tartibli ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish lozim.

 

Meʼyor – neytral tushuncha. Barchaning vazni turlicha bo‘lgani holda ularning oshqozon hajmi ham har xil. Demak, kimdir yarim kosa ovqatga to‘ysa, kimdir bir kosa ovqatga ham to‘ymay qolishi mumkin. Shuning uchun ham mana shuncha ovqat isteʼmol qilish kerak degan qonun-qoida yo‘q. Biroq ovqatdan oldin ichimlik ichishga eʼtibor qaratishimiz kerak. Sababi bu isteʼmol qilayotgan ovqatimizning hazm bo‘lishini tezlashtiradi va uning tanamizga energiya bo‘lib yoyilishiga imkon yaratadi. Shuningdek, ortiqcha yog‘ to‘planishining ham oldini oladi. Suv isteʼmol qilganimizdan so‘ng ko‘p ovqat yeyolmaymiz. Bundan tashqari, ovqatni salatlar bilan birga isteʼmol qilsak ham, uning tez hazm bo‘lishini tezlashtiradi.

 

Ishtaha ochilib ketishi yoki qorni to‘yganini bilmaslik ko‘p bemorlarimizni qiynaydi. Ochlik va to‘qlik hissiyotlari bor. Aslida tanamizni asab tizimimizdan tashqari gormonal tizim ham boshqaradi. Aynan bular to‘qlik va ochlikka javob beradi. Insonning o‘z-o‘zidan ishtaha ochilib ketmaydi yoki o‘z-o‘zidan ko‘p ovqat yeb qo‘ymaydi. Gormonlar shu narsaga majburlagani uchun shunaqa bo‘ladi. Ortiqcha vaznga ega bo‘lgan insonlarning ochlik bilan ozishiga men yuz foiz qarshiman. Chunki ochlik va to‘qlik gormonlarining ishiga aralashib qo‘ygan bo‘lamiz. Bu esa noto‘g‘ri. Ratsional ovqatlanish faqat sog‘liqni tiklashmas, butun tanaga yengillik berish hisoblanadi. Inson to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga amal qilsa, 99 foiz kasallikning eshigini yopib qo‘ygan bo‘ladi. 

 

Muallif: Jamshidbek Amirov

 

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"