O‘zbeklar choyxo‘rlikda birinchi....mi?
Bugun, 21 may — Xalqaro choy kuni.

BMT Bosh Assambleyasi 2019-yilning 21-dekabrida qabul qilgan qarorga ko‘ra, har yili 21-mayda “Xalqaro choy kuni” (International Tea Day) nishonlanadi.
Bundan bir necha yil avval Euromonitor International tomonidan “Choy yoki qaxva? Qaysi mamlakatlarda bu ichimliklarga hohish bor?” mavzuida so‘rov o‘tkazilgandi. Jahon mamlakatlarida o‘tkazilgan tadqiqot natijalari The Independent nashrida eʼlon qilindi. Tadqiqot natijalariga qaraganda, O‘zbekiston aholisining 99,6 foizi choy isteʼmol qilishga moyil ekanliklari oydinlashgan. Gvatemala aholisining 99,6 foizi qahvani afzal ko‘rgan. Choyni afzal ko‘ruvchi mamlakatlar safidan Keniya (99,2 foiz), Ozorbayjon (99,1 foiz), Pokiston (99 foiz), Xitoy (98,9 foiz) va Misr (98,5 foiz) o‘rin olgan. Qahvani esa Dominikan Respublikasi (99 foiz), Braziliya va Ekvador (97,4 foiz), Gretsiya (96,8 foiz) va Daniya (92,2 foiz) aholisi yaxshi ko‘rishi maʼlum bo‘ldi. Rossiya aholisining 77,5 foizi choyni, 22,5 foizi esa qahvani yaxshi ko‘rar ekan. Buyuk Britaniyada esa aholining 78,4 foizi choy ichishni maʼqul ko‘rishlarini aytishgan.
Mutaxassislarning aytishicha, har kuni dunyo bo‘ylab odamlar o‘z hohishlariga qarab 1 milliard 600 ming chashka qahva va bundan ikki barobar ko‘p choy ichishar ekan. Bugungi kunda dunyo olimlari o‘rtasida “choy afzalmi yoki qahvami?” degan savol keng muhokamalar mavzusiga aylangan. Kimdir inson organizmi uchun choy afzal desa, boshqasi qahvaning afzalliklari borasida soatlab gapirishi mumkin. Buyuk Britaniyalik olim Jorj Oruell yozganidek, “choy Britaniyadagi sivilizatsiyaning ustunlaridan biridir”. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, har ikki ichimlik eksperiment ishtirokchilarining kayfiyatiga bir xil taʼsir ko‘rsatishi aniqlandi. Lekin uyqu oldidan qahva ichish maqsadga muvofiq emasligi aytiladi.
Buyuk Britaniyaning Sarrey grafligi universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqotlarga qaraganda qahva ichib to‘shakka cho‘zilgan odamlarning ko‘ziga uyqu kelishi qiyin bo‘lar ekan. Bundan ko‘rinib turibdiki, choyning qahvaga nisbatan afzalliklari bor ekan. Uyqu oldidan ichilishi nazarda tutiladigan bo‘lsa, u holda choy so‘zsiz qahvani siqib chiqaradi. Shu sababli tunda televizor ko‘rmoqchi yoki ishlamoqchi bo‘lganlarga qahva ichish tavsiya qilinadi. Kun bo‘yi ishlab, tunda yaxshi orom olmoqchi bo‘lganlarga esa choy ichish maslahati beriladi. Ammo tish shifokorlarining fikricha, qahvaga nisbatan choy tishlarni ko‘proq sarg‘aytirar ekan. Biroq Angliyada choy asablarni tinchlantirib, aql rivojiga xizmat qilishi aytiladi. Yaʼni muntazam choy ichib yuruvchilarning hamisha bosiq ekani tan olinadi. Qahva ichib yuruvchilar haqida bunday deb bo‘lmaydi. Olimlar choy ham, qahva ham yurakka deyarli taʼsir ko‘rsatmasligini aytishar ekan, qahvaning yuragimizga sal bo‘lsa ham foydasi borligini aytishadi. Choy esa saraton kasalliklaridan himoya qilishi aytilmoqda. Ko‘k va qora choy tarkibida inson organizmi uchun foydali va tabiiy bo‘lgan mahsulotlar borligi aniqlandi.
Shifokorlar imkon boricha xaltalarga qadoqlangan choylarni ichmaslikni maslahat berishadi. Chunki ularga rang va taʼm beruvchi kimyoviy qo‘shimchalar solinar ekan. Xaltali choylardan bo‘g‘im va suyaklar zarar ko‘rishi aniqlangan. Qahvani muntazam ichish yurak qon tomiri xastaliklariga olib keladi. Alsgeymer kasaligi xavfini ortiradi. Shu sababli qahvadan ko‘ra choy afzalroq degan qarashlar bor. Eng yaxshisi bargli choy isteʼmol qilgan yaxshiroqdir.
Choy bargi maxsus plantatsiyalarpda yetishtiriladi. Uning ildiziga ziyon yetmasligi uchun iliq iqlim zarur bo‘ladi. Choy plantatsiyalari asosan tropik va subtropik iqlimli tog‘ yonbag‘rlarida joylashgan. Choy asosan Xitoy, Hindiston va Afrikada yetishtiriladi. Hosil bir yilda to‘rt marta yig‘ib olinadi. Birinchi va ikkinchi hosil qimmatga baholanadi.
Jahonda yetishtiriladigan choyning chorak qismi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu mamlakatda qora va ko‘k choydan tashqari oq va sariq choy ham yetishtiriladi. Shuningdek, choyning ulun va puera turlari ham bor. Choy yetishtirish bo‘yicha Hindiston ikkinchi o‘rinda turadi. Bu mamlakatda asosan qora choy yetishtirilib, choyning katta qismi eksport qilinadi. Seylon choylari bilan mashhur Shri-Lanka hissasiga jahondagi choylarning 9-10 foizi to‘g‘ri keladi. Yaponiyada asosan ko‘k choy yetishtiriladi. Asosiy qismi mamlakat ichida isteʼmol qilinsa, qolganlari AQSH va Yevropa mamlakatlariga eksport qilinadi. Hindixitoy mintaqasida asosan Vyetnam va Indoneziya choy yetishtiradi. Afrikada esa Keniyadan tashqari Uganda, Burundi, Kamerun, Malavi, Mavritaniya, Mozambik, Ruanda, Janubiy Afrika Respublikasi, Zimbabveda ham 19 asrdan beri faqat qora choy yetishtirib kelinadi. Bu davlatlardan tashqari yana o‘nlab mamlakatlarda choy yetishtirilishini eslatib o‘tamiz.
Xalqimizda choylarni sovitib ichish bilan bog‘liq hodisalar ham uchrab turadi. Bu sog‘lig‘imiz uchun turgan bitgani zarar ekani isbotlandi. Chunki damlangan choy yarim soat o‘tar o‘tmas nafaqat taʼmini, balki barcha foydali jihatlarini yo‘qotar ekan. Agar turib qolgan choy isteʼmol qilinsa, u holda asab buzilishlariga olib kelar va oshqozon hamda tishlarda muammolar tug‘dirar ekan. Oshqozon yallig‘lanishi va oshqozon yarasiga aynan turib qolgan choylar sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, choy yoki qahvani issiq holda ichish ham yaramaydi. Sal sovutib ichish kerak.
O‘zbekistonda choy ichish milliy madaniyatimizning tarkibiy qismiga aylangan. Biror bir o‘tirish choysiz o‘tmaydi. Ovqatdan oldin choy uzatiladi. Taom isteʼmolidan keyin ham choy ichiladi. Birgalikda choyxo‘rlik o‘zbeklarning qadimiy ananasidir. Bu — odamlarni bir-biriga yaqinlashtirishga, o‘zaro hurmatiga xizmat qiladi. Mintaqalarga qarab odamlar ko‘k yoki qora choy ichishadi. Choy asosan piyolalarda uzatiladi. Maʼraka va marosimlarda choy asosan kichiklar tomonidan piyolalarga quyilib, kattalarga uzatiladi. O‘zbeklarda choy damlashning boshqa xalqlardan farqli jihati bor. Choynakka damlangan choy uch marta piyolaga quyilib, yana choynakka qaytariladi. “Shu tariqa choy yaxshi damlanadi”, degan qarashlar bor. Bir qator mintaqalarda piyola to‘ldirilgan xolda mehmonlarga uzatilsa, Toshkentda piyolaning yarmisigacha choy quyiladi. Yaqin yaqingacha choyga sut qo‘shilardi. Bu shirchoy deyiladi. Choyga sut qo‘shish odati qishloq oilalarida hamon saqlanib qolgan. Choyga murabbo, limon va shakar qo‘shib ichish ham urfga aylangan. Shunisi eʼtiborliki, xitoyliklar choyga shakar qo‘shmaydi. Ularning fikricha, bu choyning taʼmini o‘zgartirib yuborar ekan.
Mintaqamizga choy 19 asrlarda kirib kelgan. “Ungacha ajdodolarimiz nima ichishgan?”, degan savol tug‘ilishi mumkin. Saqlanib qolgan urf-odatlarimizni tahlil qiladigan bo‘lsak, yaqin-yaqingacha ota-bobolarimiz yozin-qishin mevalardan tayyorlangan sharbat ichishgan. Qishda olma, shaftoli, o‘rik, gilos, olcha va boshqa mevalardan tayyorlangan qoqilar qaynatilib ichilgan. Bu insonlarning organizmiga ancha foydali bo‘lgan. Turli kasalliklarning oldini olgan. Bolalar sog‘lom bo‘lgan.
Sharofiddin To‘laganov tayyorladi







