Odamlar “G‘alaba” so‘zini eshitish uchun radio tinglagan

Bugun, 7 may — radio kuni.

Odamlar “G‘alaba” so‘zini eshitish uchun radio tinglagan

 

1941 yilning 22 iyun tongida xalqimizning tinch hayoti izdan chiqdi. O‘sha kuni ko‘chalarga o‘rnatilgan radiokarnaylar “Urush boshlandi”, degan sovuq va dahshatli xabarni tarqatdi. Urushning og‘ir davri boshlandi.

 

“Vnimaniye, govorit Moskva! Peredayem vajnoye pravitelstvennoye soobщyeniye... Nashe delo pravoye! Vrag budet razbit! Pobeda budet za nami!” — Yuriy Levitanning rus tilidagi ovozi yangraganidan ko‘p o‘tmay radiokarnaylardan Hamid G‘ulom yoki Turob To‘laning “Toshkentdan gapiramiz. Hukumatning muhim xabarini eshittiramiz” degan ovozlari yangrardi. Shu tariqa radio frontda yuz berayotgan voqea-hodisalarni tezkorlik bilan ommaga yetkazishda eng qulay aloqa vositasiga aylandi. “Masofa bilmaydigan va qog‘ozsiz gazeta” degan nomga sazovor bo‘ldi. Aslida radio O‘zbekistonda 1924 yildan boshlab faoliyat yuritayotgandi. Ammo urush yillarida uning roli oshdi. Shu davrda O‘zbekiston radiosi uchun yangi sahifa ochildi.

 

Toshkent radiosi Moskva inforbyurosining tezkor xabarlarini, Oliy bosh qo‘mondon buyruqlarini, frontdagi askar va zobitlarning qahramonliklarini, front ortida mehnat qilayotgan zahmatkashlar faoliyati haqida muntazam ravishda maʼlumotlar berib turdi. O‘sha yillarda radiojurnalistlar ruscha xabarlarni zudlik bilan o‘zbekchaga tarjima qilib xalqqa yetkazib turdilar. Suronli urush yillarida radio uzoq qishloqlarga front xabarlarini yetkazardi. Radio yetib bormagan aholi punkti deyarli yo‘q edi. Amerikalik shoira Jozefina Preston Pibodi haqli ravishda radioni “fikrlarning havo bo‘shlig‘i orqali tarqalishi” deb taʼriflagandi.

 

Radio odamlarni g‘alabaga ruhlantirdi. Bir so‘z bilan aytganda Ikkinchi jahon urush davrida radio sharaf bilan sinovdan o‘tdi.

 

U vaqtlarda hozirgidek yozish jihozlari yo‘q edi. Radioda bevosita muloqotlar bo‘lardi. Yozuvchi va shoirlar, ziyolilar, turli korxonalarning xodimlari, qishloq xo‘jalik mehnatkashlari, sanʼatkorlar Radio uyiga kelib to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish qilishar, frontdagi o‘zbekistonliklarning qahramonliklari, mehnat jamoalarida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar haqida gapirishardi. Shu tariqa xalq frontda o‘zbek o‘g‘lonlari ko‘rsatayotgan qahramonliklaridan xabardor bo‘lardi. Radiodagi chiqishlar tufayli davriy matbuotning asosi bo‘lmish publitsistikaga “jon kirdi”. U vaqtlarda nafaqat uzoq qishloqlarga, balki yirik shaharlarga ham gazeta o‘z vaqtida yetib bormagani bois radio asosiy axborot manbai bo‘lib qolgandi. Bundan tashqari, radioda axborotdan tashqari adabiyot namunalari ham o‘qilardi.

 

Radiotinglovchilarning takliflariga binoan radioda frontdan kelgan xatlar bilan bir qatorda frontga yo‘llangan maktublar ham o‘qib eshittirilardi. O‘sha yillarda respublikaning barcha shaharu qishloqlaridan va hatto frontdan maktublar oqib kelardi.

 

“Radioga maktub”ni butun xalq tinglardi. Maktublarda xalqning, askarlarimizning dushmanga bo‘lgan nafrati aks etardi va g‘alabaga undardi. Urush yillarida radioga minglab xat kelgani aytiladi. Ayni shu xatlar tufayli urush vaqtida oila aʼzolarni yo‘qotib qo‘ygan insonlar bir-birlarini topishdi.

 

Shunisi eʼtiborliki, Moskva radiosi ham o‘zbekistonliklarning maktublarini front uchun o‘zbek tilida o‘qib eshittirgan vaqtlar ham bo‘lgan. Frontdagi g‘alabalar haqidagi xabarlarni radio orqali eshitgan har bir inson o‘zida yo‘q xursand bo‘lardi. Shuni taʼkidlash kerakki, qo‘shinlarning har bir g‘alabasi uchun, har bir egallangan shahar uchun Moskvadan salyut berilardi. Ana o‘sha g‘alaba salyutlarining ovozlari ham radiodan berilgan.

 

Xalqimiz radio ovozi bilan uyquga ketib, radio ovozi bilan uyg‘onardi. Fashistlarning xiyonatkorona bostirib kirishi borasidagi xabar radio orqali berilganidek dushman ustidan qozonilgan g‘alaba xabari ham butun mamlakatda o‘rnatilgan radiokarnaylar orqali yangradi.

 

“Urush boshlandi” degan sovuq xabardan “G‘alaba” degan quvonchli xabar yangragan radiodan 1418 kun davomida minglab ham quvonarli, ham qayg‘uli xabarlar tarqatildi. Shaharlarni vaqtincha tashlab ketish, Leningrad qamalini yorib o‘tish, Moskva yaqindagi ilk keng qamrovli janglar, Volga bo‘yidagi g‘alaba, Kurskda fashistlarning yakson qilinishi va nihoyat Reyxstag ustiga tikilgan bayroq haqidagi xabarlar radio orqali tarqatilgandi. Aynan G‘alaba so‘zini eshitish uchun ham odamlar radioni tinglagani bor gap.

 

Sharofiddin  To‘laganov 

 

custom img

Sirdaryoda sudya va bank xodimi 7500 AQSh dollar pora bilan qo‘lga tushdi

Sudya tadbirkor bilan bog‘liq fuqarolik ishini uning foydasiga hal qilib berish evaziga pul talab qilgan.

custom img

Tarixiy g’alaba: Javohir Sindarov muddatidan avval g‘alaba qozondi

20 yoshli Sindarov jahon chempioni unvoni uchun kechadigan bahsda Dommaraju Gukeshga qarshi o‘ynaydi.

custom img

O‘zbekiston “World Content Market”da ilk bor milliy pavilyon bilan ishtirok etmoqda

Moskva shahridagi yirik media bozorda O‘zbekiston 500 dan ortiq film va seriallarni taqdim etmoqda.

custom img

Sadir Japarov aholi punktlariga shaxslar nomini berishni taqiqladi

Qirgʻiziston prezidentining ta’kidlashicha, bunday masalalar jamiyatda bo‘linish va bahslarga sabab bo‘lmoqda.

custom img

Hormuz bo‘g‘ozidagi tanglik global oziq-ovqat inqiroziga olib kelishi mumkin — BMT

Bo‘g‘oz orqali yuk tashish tiklanmasa, yaqin oylar ichida oziq-ovqat narxlari keskin ko‘tarilishi mumkin.

custom img

O‘zbekiston fuqarolariag Germaniyadagi harbiy muzeyga kirish ta'qiqlandi

Shuningdek, Rossiya, Ukraina, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Xitoy, Shimoliy Koreya va boshqa bir qator davlatlarga ham cheklov joriy etilgan.

custom img

Makron AQSh va Eronni Hormuz bo‘g‘ozini ochishga chaqirdi

Fransiya prezidenti shuningdek, Donald Tramp va Mas'ud Pezeshkianni Islomobodda to'xtatilgan muzokaralarni qayta boshlashga undadi.

custom img

AQSh va Eron yaqin kunlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni tiklashi mumkin — Reuters

Manbalarga ko‘ra, Tehron muzokaralarning yangi bosqichiga tayyor, AQSh pozitsiyasi esa hali noma’lum.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"