Kitob xarid qilganga bitta atirgul!
Xalqaro kitob kuni va u bilan bog‘liq anʼanalar.

1995 yilning 15 noyabr kuni YUNESKO Bosh konferensiyasi 28-sessiyasida rezolyutsiya qabul qildi. Unga ko‘ra, maorif va madaniy anʼanalarni rivojlantirish maqsadida 1996 yildan boshlab har yili 23 aprelda Jahon kitob va mualliflik huquqlari kuni (World Book and Copyright Day) nishonlanadi. O‘sha yili bolalar va o‘smirlar adabiyoti targ‘iboti bilan shug‘ullanganlarni mukofotlash maqsadida YUNESKO mukofoti ham taʼsis etildi. Chunki kitob ilmni keng tarqatish va bilimni saqlab qolishning birdan bir manbaidir. Qabul qilingan rezolyutsiyada shu kuni kitob ko‘rgazmasi va yarmarkalarini o‘tkazish tavsiya qilinadi.
Tadbir o‘tkazishda boshqa mamlakat va tashkilotlarning tajribasidan foydalanish ham ko‘rsatib o‘tilgan. Masalan, 1926 yilda Ispaniya qiroli Alfons XIII Migelya Servantes vafot etgan 23 aprelda mamlakatda ispan kitobi kunini o‘tkazish to‘g‘risidagi hujjatga imzo chekdi. 1931 yildan boshlab kimda-kim kitob xarid qiladigan bo‘lsa, unga atirgul sovg‘a qilish aʼanasi paydo bo‘ldi.
Bu kunni yozuvchi, shoir, noshir va kutubxonachilar haqli ravishda o‘zlarining bayrami sifatida keng nishonlaydilar. Kitob tufayli biz nafaqat ilm olamiz, balki insoniyatning ijodiy yutuqlari va go‘zallikni anglash yo‘lida maʼnaviy va ruhiy oziq olamiz. Kitob nafaqat axborot tarqatuvchi vosita, balki ilm va ijod asosi hamdir. Hayotimizga axborot olishning elektron manbalari tezlik bilan kirib kelayotganiga qaramay kitob o‘z ahamiyatini aslo yo‘qotmadi va yo‘qotmaydi. Chunki aynan yozuv orqali ongli insoniyat tarixi boshlangan. Kitob orqali nafaqat o‘zimizning, balki boshqa xalqlarning madaniyati, anʼanalari va tarixidan ham xabardor bo‘lamiz. Kitob orqali inson dunyoni o‘zicha tushunadi. O‘z qahramonlarini yaratadi.
Kitob — bu madaniy xilmaxillik dunyosiga ochilgan eshikdir. Kitob turli zamon va makonlar sivilizatsiyasini bog‘lovchi ko‘prikdir. Shu o‘rinda pokistonlik maktab o‘quvchisi va huquq himoyachisi Malala Yusufzayning BMT minbaridan turib aytgan so‘zlari yodga tushadi. U yuksak minbardan turib “kelinglar qo‘limizga kitob va qalam olaylik. Ular bizning qudratli qurolimizdir” degandi. Darhaqiqat, dengiz qaʼridan marvarid olib chiqiladi, kitob qaʼridan esa bilim chiqadi.
Jahon kitob va mualliflik huquqlari kunini nishonlar ekanmiz, har bir xalq va davlatning madaniyatini saqlash va uni dunyoga tarqatishdagi o‘rniga alohida eʼtibor qaratishimiz kerak bo‘ladi. Kitob insoniyat madaniy merosini takomillashtirish va muhofaza qilishdagi saʼy-harakatlarimizda asosiy ko‘makdosh hisoblanadi. Shu sabab bo‘lsa kerak, yildan yilga bu bayramga qiziquvchilar soni ortib bormoqda.
2001 yildan boshlab yaxshi bir anʼana paydo bo‘lgan: bir yil davomida qaysidir shahar Jahon Kitoblari poytaxti maqomiga ega bo‘ladi. Shahar YUNESKO tomonidan taʼsis etilgan qo‘mita tomonidan tanlanadi. Qo‘mitaga YUNESKO, Xalqaro nashriyotlar ittifoqi, Xalqaro kutubxonalar uyushmasi federatsiyasi va Xalqaro kitob savdosi federatsisi vakillari kirgan. Shu kungacha Jahon kitoblari poytaxti sharafiga Madrid (Ispaniya), Iskandariya (Misr), Dehli (Hindiston), Monreal (Kanada), Bogota (Kolumbiya), Buenos Ayres (Argentina), Bangkok (Tailand), Port-Harkort (Nigeriya), Vroslav (Polsha) va boshqa shaharlar muyassar bo‘lgan.
O‘zbekistonda taʼlim muassasalari uchun o‘quv adabiyotlari yaratish va o‘quvchilarga yetkazishning mustahkam tizimi yaratildi, bunda mamlakatda taʼlim berilayotgan yettita tilda darslik va o‘quv qo‘llanmalari nashr etilmoqda. Axborot-resurs va axborot-kutubxona markazlarining moddiy-texnika bazasi yangilanib, zamonaviy elektron kutubxonalar tizimlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Matbuot, noshirlik va axborot sohasida tegishli huquqiy asos yaratilgan bo‘lib, 10 dan ortiq qonun va 30 dan ortiq qonunosti hujjati qabul qilingan. 1 ming 677 ta matbaa korxonasi, 118 ta nashriyot davlat ro‘yxatiga olingan. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, 14 ta viloyat axborot-kutubxona markazi, tuman markazlari va shaharlardagi taʼlim muassasalarida 200 ga yaqin axborot-resurs markazi tomonidan aholiga axborot-kutubxona xizmatlari hamda “Kitob olami”, “Sharq ziyokori” va “O‘zdavkitobsavdotaʼminoti” majmualari tomonidan kitob savdosi xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Yozuvchilar uyushmasi huzurida tashkil etilgan “Ijod” jamoat fondi tomonidan yozuvchi va shoirlar, ayniqsa, yosh ijodkorlarning birinchi kitoblari ko‘p ming nusxada nashr etilmoqda.
Sharofiddin To‘laganov







