Yakshanba mutolaasi: “O‘rgatib qo‘ygan odamingga masʼulsan”
Zamon.uz “Kichkina shahzoda”ing katta o‘gitlarini tavsiya etadi.

O‘quvchi fransuz adibi Antuan de Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” asari bilan tanisha turib, unda bolalarga xos beg‘uborlik, soflik va samimiylikni tuyadi. Asarning boshlanishida yozuvchi “Men bu asarni katta yoshdagi odam uchun bag‘ishlaganimga bolalardan kechirim so‘rayman”, – deydi.
Odatda o‘ziga xos ruhiyatga ega bo‘lgan, hassos odamlar dunyoga nisbatan murosasiz bo‘ladi. Ular dunyoning turli shovqinlaridan, zaharli tovushlaridan qochishga va o‘z qalbini tinglashga harakat qiladi. Bu ular uchun qanchalik foydali yoki zararli bo‘lishi dargumon.
Inson o‘zidan, o‘zligidan nechog‘lik uzoq bo‘lsa, dunyoga shunchalik yaqin bo‘ladi. Odamni bilish, odamni anglashda hikmat ko‘p. Buyuk yozuvchi ham asarni bitishda odamning qalbiga — ichki olamiga ko‘zgu tutadi. Muallif bolalikning sof hislatlari bilan kattalar olamining illatlarini ochib beradi. Shu o‘rinda, asardagi ushbu iqtibosni keltirish o‘rinli: “Hamma kattalar bolalar edi, ulardan faqat bir nechtasi buni eslaydi”.
Ekzyuperining tili hayot, dunyo, va albatta, bolalik haqidagi xotiralar va mulohazalarga to‘la.
Masalan, mavjudlikning maʼnosizligi, behuda hayot, hokimiyat, boylik, alohida maqom yoki shon-sharafga bo‘lgan ahmoqona daʼvolar — bularning barchasi o‘zlarini “sog‘lom aql” deb hisoblaydigan odamlarning xususiyatlari. Odamlarning sayyorasi qahramonga qo‘pol va noqulay bo‘lib tuyuladi: “Qanday g‘alati sayyora! .. Juda quruq, hamma narsa sho‘r va ignalar ichida. Odamlarda tasavvur yetishmaydi. Ular faqat siz aytgan narsalarni takrorlaydilar. Agar siz bu odamlarga do‘stingiz haqida gapirsangiz, ular hech qachon eng muhim narsa haqida so‘ramaydilar — ularning savollari mutlaqo ahamiyatsiz narsalarga tegishli: “U necha yoshda? Uning nechta ukasi bor? Uning vazni qancha? Uning otasi qancha maosh oladi? Va shundan keyin ular Odamni tanigan deb o‘ylashadi”.
Aynan ushbu holat ham kichik shahzodaning katta mulohazalarini bayon etmoqda.
Asarda inson hayotining mazmuni haqida so‘z boradi. Kichkina shahzoda ezgulik ramzi sifatida gavdalanadi. Biroq u Yerda ezgulikni sof holatda uchrata olmaydi.
Asarda insonlarga xos fazilat va nuqsonlar ramzlar orqali aks ettirilgan. Shuning uchun ham bu asar faqat bolalar uchun mo‘ljallangan deb hisoblovchilar adashadi.
Quyida esa inson o‘zi uchun tafakkur qilib ko‘rishi kerak bo‘lgan iqtiboslar keltiriladi:
“O‘zingni tergash, sud qilib hukm chiqarish o‘zgalarni sud qilishdan ko‘ra ming karra qiyinroq”.
“Izzattalab odamlar maqtovdan boshqa hamma narsaga kar bo‘lishadi”.
“Odamlar jon-jahdi bilan tezyurar poyezdlarga oshiqib, nima izlayotganini o‘zlari ham bilmaydi. Shuning uchun ham orom neligini bilmay, goh bir tomonga, goh ikkinchi tomonga zir yuguradilar... Lekin bari behuda”.
“Aslida ko‘zyosh degani — anglab bo‘lmas, sirli bir saltanat emasmi?”
“Nima uchun cho‘l yaxshi ekanini bilasizmi? Uning bir joyida buloqlar yashiringan”.
“Va faqat kattalar har doim noaniq va hech qachon bu hayotda nimani xohlashlarini aniq bilishmaydi”.
“Inson hamma narsa uchun javobgardir. Masʼuliyat hissi haqiqiy shaxsni shakllantiradi”.
“Yurak ham suvga muhtoj”.
Xulosa o‘rnida yozuvchining ushbu fikrlarini keltirib o‘tish joiz: “Biz bir sayyora aholisimiz, bitta kemaning yo‘lovchilarimiz”.
Ekzyuperi butun insoniyatni qutqarishni orzu qilgan, u yer yuzidagi barchani qutqarishga tayyor edi, u uchun yashadi. Voqealarning passiv tuzatuvchisi roli unga begona edi, u doimo markazda edi. Shu munosabat bilan Ekzyuperi shunday yozgan edi: “Men doim kuzatuvchi rolidan nafratlanganman”. Ana shuning uchun ham muallif kichkina shahzoda zimmasiga katta vazifa yuklaydi, kattalar ko‘rishni istamaydigan haqiqatlarni ko‘ndalang qo‘yadi.
Siz ham Kichkina shahzodaning katta olamiga nazar tashlab ko‘ring... Ehtimol, sizda ham hali hech kim aytmagan fikrlar paydo bo‘lar...







