Tramp nega qamaldi-yu, nega qo‘yib yuborildi?

Zamon.uz AQSH sobiq prezidenti ishi bo‘yicha maʼlumotlarni jamladi.

Tramp nega qamaldi-yu, nega qo‘yib yuborildi?

 

AQSHda kutilgan tarixiy kun

 

2023 yil 4 aprel sanasi huquqshunoslar kutgan tarixiy kun bo‘lishi mumkin edi, ammo bunday bo‘lmadi. Ular AQSH sobiq prezidenti Donald Trampning Manxettendagi sudga tashrifi kishanlar bilan tugashini kutgandi.

 

Donald Trampga 34 ta punkt bo‘yicha ayblov qo‘yilmoqda.

 

Sobiq prezident qoidaga ko‘ra bir necha soniyaga qamaldi xolos. Hatto uning barmoq izlari olingani va kinolardagidek mahbus raqami bilan suratga tushgani ham nomaʼlum. Sobiq prezidentning advokatlari bu maʼlumotni sir saqlamoqda.

 

Shunga qaramay, sehrli diyorning 45-prezidenti mamlakat tarixida birinchi bo‘lib jinoiy ayblov qo‘yilgan prezidentga aylandi.

 

Tramp o‘z aybini tan olmagan. Biroq agar sud uning aybini isbotlay olsa, Tramp 136 yilga qamaladi. Bu sud uni 34 ta punktning barchasi bo‘yicha aybdor deb topsa va eng qattiq jazoni tayinlasagina amalga oshadi.

 

Ammo rasman bu Trampning saylovoldi kampaniyasiga taʼsir qilmaydi. Buning ustiga AQSH qonunlari davlat rahbari vazifasini qamoq jazosi bilan bir vaqtda bajarishni taqiqlamaydi.

 

Nyu-York Trampning tashrifiga qattiq tayyorlandi

 

Huquqni himoya qilish organlari sobiq davlat rahbarining Beshinchi avenyudagi shtab-kvartirasini o‘rab oldi. Bundan tashqari, jinoiy sud binosi nazorati kuchaytirildi va u yer ham o‘rab olindi. Kun davomida Manxetten ustida vertoletlar uchib yurdi.

 

Xavfsizlik kuchaytirilganiga qaramay, Nyu-Yorkda Tramp tarafdorlari to‘planib oldi. Ular kumiri uzoqroq muddatga ushlab qolinsa, norozilik aksiyasi uyushtirishga tayyor edi.

 

Ammo bunga hojat qolmadi, chunki Tramp ozod etildi.

 

Sudya unga qo‘yilayotgan ayblovlarni sanab, hibsga olish qarorini bekor qildi va keyingi sud eshituvi sanasini belgiladi. Shundan so‘ng sobiq prezident binoni tark etib, aeroportdan Floridadagi qarorgohiga uchib ketdi.

 

Bu safar Donald Tramp jurnalistlar savollariga ham javob bermagan. Faqatgina ijtimoiy tarmoqda ro‘y berayotgan hodisalarni syurrealistik voqealar deb baholagan. Shuningdek u Nyu-Yorkni "adolatsiz sud o‘tkazish joyi" deb taʼriflagan.

 

Bundan tashqari Tramp mazkur ish bilan shug‘ullanayotgan advokatni buyurtmani bajarayotgan va siyosiy taʼqibni amalga oshirayotganlikda aybladi.

 

Tramp o‘zi nimada ayblanmoqda?

 

Trampga qo‘yilayotgan ayblovlarning eng og‘iri "Storm Deniyelsi ishi" bilan aloqador hujjatlarni soxtalashtirishdir.

 

Mashhur pornoaktrisa qachonlardir oilali milliarder bilan uchrashib yurgan. Keyinroq Tramp siyosiy maydonga chiqishga qaror qilgan va o‘ziga tegishli kompaniya hisobidan advokatiga 130 ming dollar o‘tkazgan. Keyinchalik aniqlanishicha, bu mablag‘ Deniyelsga berilgan. Aslida, AQSH qonunlari bunday kelishuvlarni taqiqlamaydi, ammo Tramp negadir pul o‘tkazishni rasman qayd eta olmagan va bu huquqshunoslar eʼtiborini tortgan.

 

Qolgan 33 ta ayblov ham hujjatlarni soxtalashtirish bilan bog‘liq.

 

Donald Trampning advokatlaridan biri Todd Blansh jinoiy ish bilan tanishib chiqqach, ayblovlarni "bir xil va hafsalani pir qiluvchi, shuningdek, hech qanday faktlarga asoslanmagan" deb atadi. Himoyachi bunga qarshi kurashishga so‘z bergan.

 

Tramp tarafdorlari bosh ko‘taradimi?

 

Donald Tramp tarafdorlari uning sud binosidan o‘z oyoqlari bilan chiqib ketganini yaxshi qabul qildi va shaharda ommaviy tartibsizliklarning oldi olindi.

 

Ammo tahlilchilar vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etadi. 2021 yil 6 yanvarida ham Tramp tarafdorlari oldida nutq so‘zlab, so‘ng poytaxtdan chiqib ketgan edi. Jahl otiga mingan olomon esa Kapitoliy binosiga bostirib kirgan.

 

Tadbirkor vaziyatda foydalanishni biladi

 

Hozircha mazkur mojarodan ham milliarder foyda olishni ko‘zlamoqda. Eng kamida u saylovchilar ko‘z oldida siyosiy raqiblari tomonidan azoblanadigan jabrdiyda ko‘rinishida gavdalanib, ularning ovoziga ega bo‘ladi. Shu bilan birga moliyaviy tarafdan ham. Ayni paytda uning portreti tushirilgan va "Aybdor emas" deb yozilgan futbolkalar savdosi qizimoqda. Ular 47 dollardan sotilmoqda. Olingan daromad esa Trampning saylovoldi shtabiga yuboriladi.

 

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"