“Majburiy” byudjetmi yo tashabbusli?
So‘nggi kunlarda tashabbus so‘zi majburiy so‘zining sinonimiga aylanib qolgandek. Nega?

Tashabbus so‘zi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da uddaburonlik bilan mustaqil ish qilish degan maʼnoni bildiradi. Odatda, bunday ishlar ixtiyoriy qilinadi. Ammo so‘nggi kunlarda tashabbus so‘zi majburiy so‘zining sinonimiga aylanib qolgandek. Nega?
So‘nggi kunlarda telefonim tinmayapti. Anchadan beri meni unutgan tanishlarim eslay boshladi. Barchasini maqsadi bir: “Open budget” orqali ovoz berib, unga “yuklatilgan o‘ta muhim vazifa”da unga ko‘maklashish...
Kecha bir do‘stim kutilmaganda chaqirib qoldi. U turli energetik ichimliklar bilan mehmon qilishini aytdi. O‘rtog‘im bularni oila aʼzolarining telefon raqamidan “Open budget”da ovoz berib, yutib olibdi...
Sizdan ugina, bizdan bugina
Maʼlumki, “Tashabbusli byudjet”da ovoz berish jarayoni 7 aprelda tugaydi. Bunda fuqarolar infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llarni qurish, maktablarni taʼmirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy byudjetning jami 1,7 trillion so‘mlik qismini taqsimlashda ishtirok etishi mumkin.
Hozirda portalga 55 970 ta tashabbusli loyiha kelib tushgan. Uning 33 680 tasi ovoz berish jarayonida qatnashmoqda. Ular orasidan eng ko‘p ovoz to‘plagan loyihalar g‘olib deb topiladi.
Fuqarolar ovoz berish jarayonlarida ko‘proq ovoz to‘plash uchun aholiga turli iltimoslar bilan murojaat qilmoqda. Masalan, hisobni to‘ldirish, bepul ichimlik ulashish, “parashok” tarqatish va hatto yog‘ berish kabi holatlar ham kuzatilmoqda. “Zamon.uz” mazkur jarayonga oid mutasaddi rahbarlar va ijtimoiy tarmoq faollarining fikrini jamladi.
“Yoshimiz 50 dan o‘tganda ko‘chama-ko‘cha yurib, ovoz yig‘yapmiz”
Sobiq deputat Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram kanalida loyihaga ovoz yig‘ayotgan yoshlar bilan ko‘rishib qolgani haqida post qoldirdi. Sobiq deputatga Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida o‘qituvchi va ota-onalar ham ovoz yig‘ishga majburlanayotgani to‘g‘risida murojaat kelib tushdi.
“Ota-onalar, kerak bo‘lsa, yangi telefon raqam sotib olishib, ovoz berishmoqda majburlikdan”, — deyiladi murojaatda.
Kusherbayev xuddi shu kabi murojaat Namangan viloyati Uychi tumanidan ham kelib tushganini yozdi.
“Bugun ish kunimiz ishga chiqdik. Ammo direktorimiz Open budget‘ga 100 tadan ovoz yig‘asan, deb hammani ko‘chaga haydagan. Yoshimiz 50 dan o‘tganda ko‘chama-ko‘cha yurib, ovoz yig‘yapmiz”, — deyilgan shikoyatda.
Surxondaryo viloyati Angor tumanida esa o‘qituvchilarga «Tashabbusli byudjet» uchun ovoz yig‘ishga majburiy topshiriq berilgani aytilgan. Shundan so‘ng vazir Hilola Umarova o‘qituvchilarni ovoz yig‘ishga majburlashga yo‘l qo‘yilmasligini maʼlum qilgan. Uning taʼkidlashicha, holat bo‘yicha o‘rganish ishlari boshlangan.
Viloyat prokuraturasi holat bo‘yicha bayonot berib, Angor tumani «Novshahar» mahallasidagi 36-maktabda bo‘lgani aytilgan ushbu holat nazoratga olinib, hozirda ko‘rib chiqilayotganini bildirdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati «Tashabbusli byudjet»da Face ID tizimi va ko‘paytirish koeffitsiyentlarini joriy etish rejasi haqida xabar bergandi.
Vazirlik ovoz berishda tengsizlikka yo‘l qo‘ymaslik, barcha mahallalar aholisi uchun loyihalarni amalga oshirishda teng imkoniyatlar yaratish maqsadida bir qancha texnik va uslubiy yechimlar ishlab chiqayotaganini bildirgan.
Xususan, Face ID yordamida identifikatsiya qilish mexanizmi joriy etilishi, bunda tasdiqlangan foydalanuvchilar tomonidan berilgan ovozlar SMS orqali berilgan 5 yoki 10 ovozga tenglashtirilishi aytilgandi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev Face ID tizimi ovoz berish jarayonini qiyinlashtirishi, bu fuqarolar faolligiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkinligi haqidagi tanqidlarga javoban o‘z xodimlari va matbuot xizmatini «salgina noprofessional sharh berganlikda» ayblagan.
Unga ko‘ra, ishlab turgan tizimga o‘zgartirishlar kiritilayotganda aholi o‘rtasida so‘rov o‘tkazib, keyin qaror qabul qilish zarur.
O‘qituvchilarni Open budget‘da ovoz to‘plashni talab qilish – majburiy mehnatmi?
Bloger Bahodir Ahmedov Open budget‘da qaysidir maktabni o‘qituvchilarga ovoz to‘platishga majburlash, qatʼiy buyruqlar berilish holatlari kuzatilayotgani, nimagaki majburlash bu qonunlarga zidligi va bu faqat davlat bunday vakolatga egaligini taʼkidladi.
“O‘qituvchilarga o‘z lavozim, mansabini suiisteʼmol qilish bu qonunbuzilishidir. Bu ham majburiy mehnat.
Amaldagi Mehnat kodeksi 7-moddasi: Majburiy mehnat, yaʼni biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanadi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 5-modda:
Majburiy mehnat biror-bir jismoniy shaxsdan jazoni qo‘llash tahdidi ostida talab etiladigan, bajarilishi uchun ushbu shaxs ixtiyoriy ravishda o‘z xizmatlarini taklif qilmagan har qanday ishni yoki xizmatni anglatadi. Jazo deganda jismoniy shaxsning ixtiyoriy roziligi mavjud bo‘lmagani holda, ushbu shaxsga nisbatan uni mehnat faoliyatini amalga oshirishga majbur qiladigan har qanday moddiy, jismoniy yoki ruhiy taʼsir choralarini qo‘llash yoki qo‘llash tahdidi tushuniladi.
Nimalar majburiy mehnatga kirmasligi esa ikkala (amaldagi va yangi tahrirdagi) Kodekslarda ham keltirib o‘tilgan.
Bulardan kelib chiqsak, ovoz to‘playsan, yo‘qsa falon bo‘lasan deb talab qilish majburiy mehnat deb aytishimiz mumkin. Shuningdek bu xizmat yoki mansab lavozimidan chetga chiqishga ham sabab bo‘lib qolishi mumkin”, — deydi Ahmedov.
Telegram‘dagi "Domlajon" kanali admini Isroil Tillaboyev "Open byudjet" boshlansa maktablar yurak hovuchlab qoladigan bo‘lgani haqida yozdi. Shuningdek, bu vazir bosh qotiradigan jiddiy muammoligini qo‘shimcha qildi.
"Fikrimcha yechim, aslida, maktablarni bunday shafqatsiz jang qonun-qoidalarga asoslangan Open byudjet‘dan emas, to‘liq o‘rgangan holda reja bilan taʼmirlashga alohida pul ajratgan yaxshi edi. Open byudjet‘ni esa mahalla yo‘llariga bergan maʼqul. Chunki baribir bu tizimda o‘quvchisi kam maktablarda yutish imkoniyati nolga teng, o‘quvchilari ko‘p maktablar esa urra-urra birlamchi emas ikkilamchi, uchlamchi ehtiyojlariga yutib ketishyapti", — deydi bloger.







