O‘zbekistonni titratgan zilzila: qo‘rquv, mish-mish va prognozlar

21 mart kuni Afg‘onistonda, 23 mart esa Tojikistonda kuchli zilzilalar sodir bo‘ldi. Uning kuchi hatto qo‘shni respublikalarga ham sezildi. Ijtimoiy tarmoqda navbatdagi kuchli yer silkinishi O‘zbekistonda bo‘lishi haqida xabarlar tarqalmoqda.  Bular qanchalik haqiqat?

O‘zbekistonni titratgan zilzila: qo‘rquv, mish-mish va prognozlar

 

Bir necha kun oldin O‘zbekistonda kuzatilgan kuchli yer silkinishlari ko‘pchilikning “tinchini buzdi”. Yaqindagina Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila va uning oqibatida 50 mingdan ortiq odamning halok bo‘lgani hali hech kimning yodidan ko‘tarilgani yo‘q. Shu sabab mamlakatda kuzatilgan bu favqulodda vaziyat odamlarni ancha xavotirga soldi.

 

Nimalar bo‘ldi?

 

21 mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:47 da Afg‘onistonda 6,6 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Uning O‘zbekistonda sezilish kuchi 5–6 ballni tashkil etdi va respublikaning deyarli barcha hududida yer qimirladi. Bu, ayniqsa, ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi insonlarni ko‘proq xavotirga soldi. Ayrim insonlar zilzila qaytalanishidan qo‘rqib o‘sha tunni ko‘chada o‘tkazdi. Oradan 2 soat vaqt o‘tib Afg‘onistonda yana 4 balli yer silkinishi bo‘lib, zilzila “qaytgandi”. Bu O‘zbekiston hududiga sezilmagan.

 

23 mart kuni soat 01:07 da Tojikistonda ham 6 balli yer silkinishi sodir bo‘ldi. Bu ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Xorazm viloyatidan tashqari O‘zbekistonning barcha hududiga taʼsir qilgan va 4–5 magnitudali zilzila qayd etilgan.

 

Favqulodda vaziyatlar vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, yuzaga kelgan holatlar oqibatida respublika hududida hech qanday ko‘ngilsiz hodisalar kuzatilmagan. Bino va inshootlarga zarar yetmagan.

 

Ketma-ket 2 kun sodir bo‘lgan bu yer silkinishlari fonida ijtimoiy tarmoqda O‘zbekistonda yana kuchli zilzila kutilayotgani haqida turli xabarlar tarqaldi. Bu maʼlumotlar mutaxassislar tomonidan rad etilib, uning yuz berishini oldindan prognoz qilib bo‘lmasligi aytildi.

 

Zilzilaning oldindan bilish mumkinmi?

 

Bugungi kunda zamonaviy ilm-fan anchagina rivojlangan bo‘lsa ham, dunyoning hech bir davlatida zilzila sodir bo‘ladigan sana va hatto taxminiy vaqtni bashorat qila oladigan texnologiyalar mavjud emas.

 

“TRT WORLD” saytida yozilishicha, zilzila yuz beradigan vaqtni bashorat qilish qiyin. Zilzila zararini kamaytirish maqsadida olimlar yillar davomida ularni tahlil qilish usullarini ishlab chiqqan.

 

Xavf xaritasi va boshqa usullar yordamida olimlar faqat katta miqyosdagi zilzila ehtimolini bashorat qilishlari va uning potensial epitsentrini aniqlashlari mumkin. Biroq ular aniq muddatni ayta olmaydi. 

 

AQSH Geologik xizmati maʼlumotiga ko‘ra, zilzilani samarali prognoz qilish uchun 3 narsa zarur: zilzila sodir bo‘lish hududi, vaqti va uning magnitudasi. Biroq hozirgacha hech kim bu 3 ta talabga javob bera oladigan aniqlikdagi prognozni qila olmagan.

 

Zilzila haqida bir daqiqa oldin bilish mumkin

 

Yer silkinishi sodir bo‘lgan kuni Android foydalanuvchilarining ko‘pchiligiga zilzila sodir bo‘lishidan bir daqiqacha oldin Google tomonidan ogohlantirish yuborilgan. Uning qanday ishlashi borasida ham ijtimoiy tarmoqda turli muhokamalar bo‘ldi.

 

Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda ham Seysmologiya instituti direktori o‘rinbosari Vohidxon Ismoilov zilzilani oldindan aniqlash yo‘nalishidagi ishlarga to‘xtaldi.

 

Maʼlum qilinishicha, zilzila o‘chog‘idan tarqalgan bo‘ylama to‘lqinning yaqin atrofdagi seysmik stansiyalarda qayd qilingandan so‘ng 3 soniyada zilzila to‘g‘risidagi maʼlumot, yaʼni o‘choqning chuqurligi, zilzila kuchi, oradagi masofa Google tizimi orqali dunyoga tarqaladi. 

 

Tadqiqotchilar erta ogohlantirish tizimi joriy qilinganda 3 soniya ichida shikastlanishlarni 14 foizga, 10 soniyada jarohatlanish va qurbonlarni 39 foizga va 20 soniyada 63 foizga qisqartirishi mumkinligini aytmoqda.

 

Xuddi shunday mintaqaviy tizim Meksikada, Xitoyda, Tayvanda, Italiyada, Ruminiyada va boshqa davlatlarda ham qo‘llanilmoqda. Lekin Google kompaniyasi yaratgan mobil dastur butun jahonni qamrab olish imkoniyatiga ega.

 

Navbatdagi “qo‘rqinchli xabar”

 

Shuningdek, bugun O‘zbekistonda 6 balldan 9 ballgacha zilzila kuzatilishi mumkin bo‘lgan hududlar ro‘yxati taqdim etilgani haqida xabar sizdirildi.

 

Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu ro‘yxatni o‘zining rasmiy saytiga joylashtirgani aytiladi. Unga ko‘ra, jami 359 aholi yashash punktlari seysmik faol hududga kiritilgan. Baʼzi hududlar 9 balli seysmik faol hududlarga yaqin hududlarda joylashgan bo‘lishiga qaramay, chuqur ilmiy o‘rganishlar asosida 6 balli hudud qatoriga kiritilgan.

 

“Bu ro‘yxat O‘zbekistonning umumiy seysmik rayonlashtirish xaritasidan kelib chiqib tuzilgan. Va qachonlardir hududlarda shu kuchdagi zilzila bo‘lishi mumkinligini anglatadi. Balki, 20, balki, 100 yoki balki 1000 yildan so‘ng”, — deydi mutaxassis Erkin Abdulahatov.

 

Keyinroq ijtimoiy tarmoqda tarqalgan ro‘yxat FVV tomonidan eʼlon qilinmagani maʼlum bo‘ldi.

 

“Aholimizni sarosimaga tushmaslikka va feyk xabarlarga ishonmaslikka chaqirib qolamiz”, — deyiladi xabarda.

 

Kutilmagan tabiiy ofat — zilzilaning vaqti va joyini oldindan aniq bilish imkoni yo‘q ekan, demak, insoniyat doim unga tayyor turishi va zarur ehtiyot choralarini ko‘rib, yer silkinishi yuz bergan vaqtga nimalar qilish kerak yoki kerak emasligini bilishi lozim. Ana shundagina ortiqcha qo‘rquv va vahimalarga ham o‘rin qolmaydi. 

 

Javohirbek TURSUNOV

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"