Ogoh bo‘ling: “O‘n ikki oyoqli o‘rgimchak” to‘riga ilinmang

Bir necha kun oldin poytaxt IIBB ota-onalarni «Ryodan» yoshlar harakatidan ogohlantirib, ota-onalardan farzandlarining hayotiga, ularda kechayotgan o‘zgarishlarga befarq bo‘lmaslikka chaqirgandi.

Ogoh bo‘ling: “O‘n ikki oyoqli o‘rgimchak” to‘riga ilinmang

 

Toshkent shahar IIBB 3 mart kuni ota-onalarni «Ryodan» yoshlar harakatidan ogohlantirib, ota-onalardan farzandlarining hayotiga, ularda kechayotgan o‘zgarishlarga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi. 5 mart kuni esa Toshkentda «Ryodan» harakatiga aloqadorlikda gumonlangan 50 ga yaqin o‘smir ushlanib, profilaktik suhbat o‘tkazilganidan so‘ng qo‘yib yuborildi. Kirib kelgan yangi tahdid — «Ryodan» aslida qanday harakat va u haqida nimalar maʼlum?

 

«Ryodan» yoshlar submadaniyati bo‘lib, uning ishtirokchilari manga va anime (yapon komikslari va multfilmlari) «Hunter X Hunter»dan ilhomlangan. Ushbu guruhdagi o‘smirlar uzun qora soch va katakli shim bilan ajralib turadi. Shuningdek, ularning kiyimlarida “4” raqami tushirilgan o‘rgimchak rasmi ham tasvirlangan. Anime va mangada «Geney Ryodan» yoki “O‘rgimchaklar” deb nomlangan jinoiy to‘da mavjud. Shuning uchun o‘rgimchak ularning ramzi hisoblanadi.

 

Maʼlumotlarga ko‘ra, «Ryodan» harakati internetdagi bir nechta virtual jamoalardan tashkil topgan. Ular anime muxlislari bo‘lib, jamoada Yaponiya animelarini muhokama qilgan. Biroq ayni paytda «Ryodan» harakati turli darajadagi tan jarohati yoki birovning mulkiga zarar yetkazishni ko‘zlagan. Bu guruh aʼzolari asosan o‘smirlardan iborat bo‘lib, ularning eng kichigi 15 yoshda. Rossiyada «Ryodan» submadaniyati «VKontankte» ijtimoiy tarmog‘ida ham bir nechta jamoalarga ega. Ularning eng kattasi 193 mingga yaqin obunachiga ega.

 

Mazkur harakat ishtirokchilari o‘z nishonlarini aniqlab, savdo markazlarida ommaviy mushtlashuv va tartibsizliklar uyushtiradi. Rossiyada so‘nggi kunlarda ommaviy mushtlashuvlarda qatnashgani uchun 450 ga yaqin o‘smir, Belarusda esa kamida 200 kishi hibsga olingan. Ushbu submadaniyat vakillari bilan Qozog‘istonda va Ukrainada ham profilaktika ishlari amalga oshirilgan. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ham farzandlarga eʼtiborli bo‘lishga, ularning submadaniy qiziqishlariga befarq bo‘lmaslikka chaqirgan.

 

«Bolalarning anime va mangaga bo‘lgan qiziqishini qoralab bo‘lmaydi. Lekin bu qiziqishi tufayli u nomaʼlum shaxslarning taʼsiriga tushib qolmayotganligiga, virtual dunyoni haqiqatdan ajrata olish qobiliyatini yo‘qotmaganligiga ishonch hosil qiling», — deyiladi ogohlantirishda.

 

O‘tgan haftadan buyon esa "Ryodan" harakati Ukraina va Rossiya o‘rtasida o‘zaro siyosiy ayblovlarga sabab bo‘lib kelmoqda.

 

Xo‘sh, harakatning Ukrainadagi urushga aloqasi bormi?

 

Keng jamoatchilik "Ryodan XHK" mavjudiyati to‘g‘risida fevral oyining so‘nggi haftasida xabar topgan.

 

19 fevral kuni Moskvadagi “Aviapark” savdo markazida yuz bergan o‘smirlar o‘rtasidagi ommaviy mushtlashuv matbuotda yoritilgan "Ryodan" aʼzolari ishtirokidagi ilk zo‘ravonlik holati bo‘lgan.

 

Bellingcat, Mediazona, The Moscow Times kabi qator nufuzli mustaqil nashrlarning yozishicha, ommaviy mushtlashuv anime muxlislari va o‘ng millatchi kayfiyatdagi yoshlar to‘qnashuvi ortidan yuz bergan.

 

Keyinroq 12 oyoqli oq rangli o‘rgimchak va aksar hollarda 4 raqami tushirilgan qora kiyim kiyib yurishi bilan ajralib turadigan "Ryodan"chi o‘smirlar yig‘inlari nafaqat Rossiya, balki Belarus, Ukrainaning turli shaharlarida ham kuzatilgan va bunday to‘planishlarning ko‘pi ommaviy tartibsizliklar, hibslar bilan yakun topgan.

 

O‘tgan bir necha kun davomida o‘smirlar o‘rtasidagi bu harakatga Ukraina va Rossiya yuqori hokimiyatlari darajasida eʼtibor qaratilgan.

 

Rossiya politsiyasi mamlakat maktablari bo‘ylab targ‘ibot uchrashuvlari tashkil etib, o‘quvchilarga harakat ortida "G‘arb maxsus xizmatlari turgani", ularning niyati esa "rus yoshlarini miyasini zaharlash" ekanini uqtirayotgani xabar qilingan.

 

Rossiya Davlat Dumasining bir qancha deputatlari guruh faoliyatini chuqur o‘rganish, mamlakatda animeni taqiqlash va "nodo‘st davlatlarning" harakatga aloqasi to‘g‘risidagi xabarlarni tekshirishga chaqirgan.

 

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov hukumat holatni diqqat bilan kuzatayotgani va mazkur submadaniyat tarqalishiga salbiy munosabatda ekanini bildirgan.

 

Ukraina tomoni Rossiyadan bildirilayotgan ayblovlarni qatʼiyan rad etgan.

 

O‘z navbatida, Kiyev politsiyasi Ukraina shaharlarida ham tartibsizlik uyushtirayotgan "Ryodan"chilar ortida "Rossiya propagandachilari" turganini daʼvo qilgan.

 

"Yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida kuzatilayotgan ommaviy mushtlashuvlar Rossiya propaganchilari tomonidan uyushtirilgan navbatdagi axborot-psixologik operatsiyasi va bolalardan foydalangan holda Ukrainadagi ichki vaziyatni beqarorlashtirishga urinishdir", — deya maʼlum qilgan Kiyev politsiyasi Facebook‘dagi o‘z sahifasida.

 

Xususiy harbiy kompaniya?

 

Rossiya va Ukraina tomoni bir-birini ayblayotgan bir paytda mavzuga eʼtibor qaratgan qator tahlilchilar, jurnalistlar harakatning biror mamlakatdagi o‘smirlar bilan bog‘liq vaziyatni beqarorlashtirish yo‘lida maxsus tashkil etilganiga dalillar deyarli yo‘qligi haqida yozgan.

 

Nufuzli Bellingcat nashri asoschisi Elliot Higginsning yozishicha, "Ryodan" nomi ostidagi anime sanʼati muxlislarining turli guruhlari internetda maʼlum vaqtdan beri tarqoq holda mavjud bo‘lib, ular, asosan, anime mavzusi muhokamasi, onlayn video o‘yinlar o‘ynash bilan band bo‘lgan.

 

Ammo shu vaqtga qadar keng matbuotda biror marta bo‘y ko‘rsatmagan "Ryodan" nega qo‘qqisdan buzg‘unchilik va tartibsizlik timsoliga aylanib, xalqaro xavotirga sabab bo‘lmoqda?

 

Voqealar rivojini tahlil qilgan kuzatuvchilar o‘zini harakatga aʼzo hisoblovchi o‘smirlar ijtimoiy tarmoqda "Ryodan XHK" [xususiy harbiy kompaniyasi - tahr.] nomini qo‘llay boshlashi ortidan ilk ommaviy mushtlashuvlar yuzaga kelganiga eʼtibor qaratgan.

 

Ishonilishicha, o‘smirlar harakat nomi bilan birga "Xususiy harbiy kompaniya" qo‘shimchasini Rossiya tomonida Ukrainadagi qaqshatqich janglarda qatnashayotgan "Vagner" guruhiga hazilomuz taqlid o‘laroq qo‘llay boshlagani aytilmoqda. Ammo bu Kreml ochgan urushini yoqlovchi o‘ng kayfiyatdagi rossiyaliklarga yoqmagan.

 

"Ryodan"ga aloqador pabliklarda harakat aʼzolarining o‘zi Ukrainadagi urush yoki siyosatga hech qanday aloqasi yo‘qligi, "XHK" qo‘shimchasini videoo‘yinlar strimlarida hazil tariqasida ishlata boshlaganliklarini taʼkidlagan.

 

"Animechilarga qarshi banditlar, skinxedlar va millatchilar birlashib, ularni duch kelgan joyda tutib ura boshladilar. Ammo deputatlarga zo‘ravonlik submadaniyatidan ko‘ra anime muxlislari xavfliroq ko‘rinib ketdi yoki shunchaki Ukrainani ayblash uchun yangi bahonani qo‘lga kiritdilar", deya yozgan holatni kuzatgan rossiyalik blogerlardan biri.

 

Twitter‘da yaratilgan mavzuga oid ko‘plab trendlarda mustaqil kuzatuvchilar ana shunday hujumlar ortidan anime muxlislari bir-birini himoya qilish uchun birlasha boshlagani va bu yangi to‘lqin bir axborot makonida yashovchi post-sovet davlatlari o‘smirlari orasida aks-sado bergani haqida so‘z boradi.

 

Har birimiz mustaqil fikrlaydigan shaxsmiz. Kelajagimizni porloq qilish yoki unga qora chiziq tortish ham o‘z qo‘limizda. Ko‘r-ko‘rona turli yo‘llarga kirib, buzg‘unchi va vayronkor g‘oyalar girdobiga g‘arq bo‘lgandan ko‘ra mustaqillik bergan eng ulug‘ neʼmat — tinchlikni qadrlab, yurt taraqqiyoti, ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan ming chandon afzal, albatta. Zero, yurt taqdiri barkamol avlod qo‘lida.

 

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"