Yakshanba mutolaasi: Faqirlarni badavlat etgan mehr
Zamon.uz Lev Tolstoyning “Faqirlar” hikoyasini tavsiya etadi.

Jahon va rus adabiyotini buyuk yozuvchi Lev Tolstoy ijodisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bunga sabab qilib esa jamiyatda yuz berayotgan voqea-hodisalar, turli xil qarashlarning yozuvchi nigohidan chetda qolmaganini ko‘rsatish mumkin. Muallif tomonidan yaratilgan roman-u qissalar deysizmi, hikoyalar yoxud hikmatli so‘zlarda ham tosh bosuvchi iqrorlar va xulosalar bo‘ladi. Tolstoyning birgina so‘zi yo‘qki, noo‘rin qo‘llanmagan. Yozuvchi asarlarining qimmati ham uning har bir yozganida gumanizm g‘oyasining mavjudligi bilan saqlanib qolgan. Ana shunday hikoyalardan biri “Faqirlar”dir.
Hikoya kulbada yashayotgan kambag‘al baliqchi oilasi haqida. Unda, asosan, bir oila va uning shunday mavqedagi qo‘shnisi qalamga olinadi. Syujet ham ayol (Janna)ning eski yelkanni yamab o‘tirish tasviridan boshlanadi. Uning turmush o‘rtog‘i esa ayoli va ikki go‘dagini boqish uchun baliq tutishga ketgani, Jannaning kun bo‘yi eshikka termulib, bugun qora qozon qaynashi uchun erining nimadir ko‘tarib kelishidan umidvor bo‘lishi orqali yozuvchi ularning holatini to‘laqonli va ishonchli aks ettiradi. Muallif o‘z qarashlaridan o‘ta mohirlik bilan foydalanadiki, tabiat tasviri ham uddaburonlik bilan chiziladi. Ayolning dard-u hasratiga tabiat hodisalari parvo qilmaydi, aksincha, uning ustidan kulgandek shamol uvillab, yomg‘ir sharros quya boshlaydi.
Asar sof insonparvarlik tuyg‘ularini ulug‘laydi, yashashning asl maʼnosi ham bir-biriga yordam berish orqali topilishini ko‘z-ko‘z qiladi. Yozuvchi har bir qahramon uchun surat-u siyratni sinchiklab tanlaydi, ism tanlashda ham shu yo‘ldan foydalanadi. Yaʼni ayolni Janna deb atashi orqali uning hammaga beminnat yordam qo‘lini cho‘zishi, nari borsa, ijobiy epizod ekaniga ishora qiladi. Jannaning ro‘zg‘or aravasini arang tortayotgan erini kuni bo‘yi o‘ylashi orqali yozuvchi o‘quvchiga o‘zbek ayolini eslatishi ham hech gap emas. Tolstoy bu bilan insonparvarlik tushunchalari irq va millat tanlamasligini isbotlashga urinadi. Bu ezgu fazilatlar esa Jannaning bemor qo‘shnisidan xabar olishga kirib, eshigini taqillatsa ham ochmaganidan xavotir olib, unga nimadir bo‘ldimikan deb uyga bostirib kirganida namoyon bo‘ladi. Qo‘shni ayolning o‘lganini ko‘rgan Janna sovuq, zax xonada onasining pinjiga kirib uxlab qolgan ikki go‘dakni belanchagi bilan ko‘tarib, o‘zining issiqqina kulbasiga olib ketadi. Aynan mana shu tasvirlar bilan esa buyuk rus yozuvchisi odamlarning usti yupun bo‘lsa-da, qalbi mehr bilan o‘ralganini ko‘rsatib qo‘ygan.
Shu o‘rinda hikoyani o‘qib chiqish va so‘ngidagi kulminatsiyani alohida tahlil qilish joiz bo‘ladi. Ana shundagina o‘quvchi o‘zi istagandek xulosani olishi shubhasiz.







