Nima uchun xotin-qizlar taʼlimiga eʼtibor qaratish zarur?
Jahonda taʼlim, ayniqsa, ayollar taʼlimi rivojlangan davlatlar taraqqiyotda ilgarilashda davom etmoqda. Aksincha, bu sohani o‘z holiga tashlab qo‘yganlar va cheklagan jamiyatlar chuqur inqirozda.

So‘nggi paytlarda ayollar taʼlimiga katta eʼtibor qaratilmoqda: xotin-qizlar taʼlimini yana-da rivojlantirish maqsadida qator qonunlar qabul qilindi; OAV va jamoat faollari tinimsiz bu mavzuni muhokama qilmoqda. Asta-sekin bu o‘z natijasini beryapti. Masalan, 2021 yilda OTM talabalarining 45,9 foizini ayollar tashkil etdi. (Solishtirish uchun: 2013/2014 yilgi o‘quv yillarida OTM bitiruvchilarining 21,1 foizi, 2014/2015 yilgi o‘quv yilida esa 24,3 foiz bitiruvchilar xotin-qizlardan iborat bo‘lgan).
Bundan tashqari, o‘tgan yildan boshlab magistraturada o‘qishni davom ettirayotgan xotin-qizlarning taʼlim xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berilishi tartibi joriy etildi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi? Nima uchun davlat ayollar taʼlimiga bu qadar katta eʼtibor qaratmoqda? Bu bizga nima beradi? Hatto ko‘cha-ko‘yda “qiz bola o‘qib olim bo‘larmidi” kabi gaplarni ko‘p eshitamiz.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, xotin-qizlar taʼlimini rivojlantirish orqali iqtisodiyotni yana-da rivojlantirish, davlat genofondini ilmli va intiluvchan avlod bilan to‘ldirish, mutaassiblik va ekstremizmga qarshi mustahkam jamiyat yaratish mumkin.
Iqtisodiyotni rivojlantirishda taʼlim hal qiluvchi ahamiyatga ega. Faqatgina sifatli bilim berish orqali malakali kadrlarni yetishtirish mumkin.
Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik tashkiloti o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘rta taʼlim olganlar sonining ko‘payishi bandlik darajasinining oshishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida soliq to‘lovchilar sonining ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
Jahon iqtisodiy forumi maʼlumotlariga ko‘ra, ayollar taʼlimiga kiritilgan har bir dollar 2, 80 dollar bo‘lib qaytadi. 2030 yilga borib barcha qizlarning o‘rta maʼlumotga ega bo‘lishi global YAIMning 10 foizga ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
Jahon Banki maʼlumotlarida yozilishicha, hozirgi kunda xotin-qizlarning iqtisodiy faoliyatga to‘la jalb qilinmasligi oqibatida dunyo har yili 17 foiz YAIM yo‘qotmoqda. Aksincha, ularni iqtisodiy hayotga tortish orqali 2025 yilga borib global YAIM qo‘shimcha 28 trillion dollarga ko‘payishi mumkin.
Mamlakat yoshlarining ilmli va intiluvchan bo‘lishi ham ko‘p jihatdan ayol kishining qay darajada maʼlumotli va keng dunyoqarashga egaligi bilan bog‘liq. Singapur moʻjizasi asoschisi Li Kuan Yu 1983 yil chiqishlaridan birida shunday degan edi:
“Agar bizning OTMni tugatgan erkaklarimiz farzandlari ham ulardek muvafaqqiyatli bo‘lishni istasalar, xuddi o‘zlari kabi yuksak maʼlumotli va intellektual salohiyati yuqori ayollar bilan oila qurishi kerak”.
Bola o‘z vaqtini asosan ona bilan o‘tkazishi hisobga olinsa, bu yerda uning qay darajada bilimli bo‘lishi muhim. Aynan oliy maʼlumotli ayol ilmga intiluvchan, fikrlashga va ijodiy qobiliyatlarini namoyish etishga harakat qiladigan farzandni tarbiyalaydi. Shu omilning o‘ziyoq ayollar taʼlimiga ulkan eʼtibor qaratish lozimligini isbotlaydi.
Umuman olganda, xotin-qizlar taʼlimi bundan buyon yana-da dolzarb va ahamiyatli bo‘lib boraveradi: bu sohaga ko‘proq eʼtibor qaratgan jamiyatlar rivojlanishda davom etadi. Aksincha, ayollarning bilim olish huquqini cheklagan davlatlar tanazzulga mahkumdir.







