Li Kuan Yu qanday qilib Singapurni korrupsiyadan ozod qilgan?
Korrupsiya nafaqat milliy, balki global miqiyosdagi muammoga aylandi. Dunyoning sanoqli davlatlargina ushbu illatga qarshi muvaffaqiyatli kurashi bilan maqtana oladi. Shunday davlatlardan biri — Singapur.

Hududiy jihatdan eng kichik mamlakat bo‘lgan Singapur Transparency International‘ning korrupsiyani qabul qilish reytingida bir necha yildan buyon yetakchi o‘rinlarni saqlab kelmoqda (2021 yilda 85 ball bilan 4-o‘rin).
Ushbu muvaffaqiyatda mustaqil Singapur “otasi” Li Kuan Yuning o‘rni katta. Bejizga uni “Singapur vijdoni” deb atashmagan. Li tarixda halollik va korrupsiyaga qarshi beayov kurash ramzi bo‘lib qoldi.
“1959 yilda Xalq harakati partiyasi hokimiyatga kelgach, uning aʼzolari korrupsiyaga qarshi kurashgach, hukumatda maʼnaviy soflikni o‘rnatishga qaror qildi. Ko‘plab Osiyo yetakchilarining ziqnaligi, poraxo‘rligi va axloqiy buzuqligi bizning nafratimizga sabab bo‘ldi. Ezilgan xalqlarning ozodligi uchun kurashganlar o‘sha xalq boyligini talon-taroj qildi, ularning davlati tanazzul yoqasiga kelib qoldi”.
Li Kuan Yuning “Singapur tarixi: uchinchi dunyodan birinchi dunyo sari” kitobining “Korrupsiyaga qarshi kurash” bo‘limi shunday boshlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1959 yildagi saylovlarda g‘alaba qozongandan so‘ng, yangi hukumat aʼzolari qasamyod qilish marosimiga oq ko‘ylak va shim kiyib chiqadi. Bu ularning shaxsiy va kasbiy faoliyatidagi halolligi ramzini ko‘rsatishi kerak edi.
“Odamlar buni bizdan kutishgandi va biz ularning umidlarini oqlashga harakat qildik”, — deb yozgandi keyinroq Li bu haqda.
50-60 yillarda Singapur qoloq hudud bo‘lib, bu yerda korrupsiyaning turli ko‘rinishlari avj olgandi. Li Kuan Yuning so‘zlariga ko‘ra, barcha tarmoqlarda poraxo‘rlik va nepotizm gullab-yashnagan. Masalan, eksport-import departamenti tashqi savdo operatsiyalarini tezlashtirish uchun pora olar, markaziy taʼminot xizmati esa manfaatdor shaxslarga maʼlum haq evaziga bo‘lajak tenderlar haqida maʼlumot berardi. Do‘kon va uy egalari chiqindini tozalagani uchun Ommaviy sog‘liqni saqlash departamentiga haq to‘lardi.
Qonunchilikdagi o‘zgarishlar
Li Kuan Yu hokimiyatga kelgan ilk kunlaridayoq byudjetga tushadigan har bir dollarning hisobga olinishi va uning zarur odamlarga to‘liq yetib borishini taʼminlashga erishadi. Singapurda hokimiyat vakolatlarining shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanish imkoni bo‘lgan faoliyat turlari ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi asosiy organ sifatida Korrupsiya holatlarini surishtirish Byurosi tanlanadi. Uning asosiy eʼtibori oliy hokimiyat idoralarida yirik poraxo‘rlik holatlarini aniqlashga qaratiladi.
Hukumat mayda korrupsion holatlarga byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va qonunlardagi boshqacha talqin qilinishi mumkin bo‘lgan normalarni bekor qilish orqali kurashishga qaror qiladi.
1960 yilda yangi tahrirdagi Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha qonun qabul qilinadi. Unda tergovchilarga keng vakolatlar berildi. Xususan, gumonlanuvchiga oid soliq maʼlumotlari hech qanday cheklovlarsiz taqdim etilishi belgilab qo‘yildi. Shuningdek, pora tushunchasiga aniq taʼrif beriladi: unga ko‘ra, pora deganda moddiy qiymatga ega har qanday noz-neʼmat tushunilishi belgilanadi.
1963 yilda anonimlik tartibi bekor qilindi. Endilikda Korrupsiya holatlarini surishtirish Byurosiga axborot bergan har qanday inson shaxsini ochiqlashi shart qilib qo‘yildi. Bir tomondan, bu turli suiisteʼmolliklar va tuhmatlarning oldini olishga yordam berdi.
Jazo muqarrarligi
Yaxshi qonun qabul qilish oson, ammo eng muhimi uning ijrosi. Qonunlar barcha uchun — davlat xizmatchisi, tadbirkor, siyosiy elita va boshqalar uchun barobar ishlasa natijaga erishiladi. Bu maʼnoda Singapurga qoyil qolsa arziydi.
Yana “Singapur tarixi: uchinchi dunyodan birinchi dunyo sari” kitobiga qaytamiz. Li Kuan Yu o‘zi bosh vazir bo‘lgan paytda bir qator oliy martabali amaldorlarning ayovsiz jazoga tortilgani haqida yozadi.
Masalan, 1975 yilda o‘sha paytda atrof muhitni muhofaza qilish vaziri bo‘lgan Vi Tun Bun Indoneziyaga oilasi bilan sayohat qiladi. Uning yo‘l xarajatlari qurilish kompaniyalaridan biri tomonidan to‘lanadi. Vazir ushbu kompaniya manfaatlarini hukumat oldida himoya qila boshlaydi. O‘tkazilgan tekshiruv natijasida u, shuningdek, shu firma hisobidan 500 ming Singapur dollariga villa sotib olgani aniqlanadi. Li Kuan Yu vazirni o‘ta sadoqatli va professional bo‘lganiga qaramay, 4 yillik qamoqqa hukm qilinganini qayd etgan.
Sobiq bosh vazir yana bir holatni tilga oladi. Singapurning eng muhim vazirliklaridan bo‘lgan milliy taraqqiyot vazirligi rahbari Te Chin Van 1986 yilda 400 ming Singapur dollari miqdorida pora olgani aniqlanadi. U uzoq vaqt aybini tan olmaydi, ammo 1986 yil 15 dekabrda Li Kuan Yuga maktub yo‘llab, yuzaga kelgan vaziyatdan afsusdaligini aytadi. Te Chin Van shu kuni o‘z joniga qasd qilgan edi.
Yuqoridagi ikki misoldan shuni ko‘rish mumkinki, Li Kuan Yu hatto o‘z tarafdorlarini ham ayab o‘tirmagan. Bunday sharoitda, shubhasiz, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari va jamiyatda korrupsiyaga qarshi toqatsizlik ruhi shakllanadi.
Yuqori maoshli amaldorlar
“ ‘Foiz‘, “mukofot” — korrupsiyani mahalliy shevada qanday nomlashmasin, u baribir o‘zgarmaydi: korrupsiya Osiyo hayotining ajralmas qismi. Odamlar porani baʼzan ochiqchasiga olishadi, bu ular hayotnining bir bo‘lagi. Vazir va amaldorlar olayotgan maoshi bilan o‘z darajasiga mos hayot kechira olmaydi”, – degandi Li Kuan Yu.
Singapur “otasi”ning fikricha, jamiyat qo‘llab-quvvatlanishiga erishish uchun hukumatlar odatda o‘z vazirlariga kam maosh to‘lashga harakat qiladi. Ammo u bir nuqtaga eʼtibor qaratgan: amaldorlarga beriladigan uy-joy imtiyozlari, amaldagi xarajatlarning qoplanishi, xizmat avtomobillari uchun sarflanadigan pullar, safarlar va boshqa xarajatlarga maoshdan ko‘ra bir necha barobar ko‘p mablag‘ sarflanadi.
Shu sababdan Singapur o‘ziga xos yo‘ldan bordi: vazir va davlat xizmatchilariga yuqori maosh to‘lanadi. Bu bilan ikkita maqsadga erishiladi: birinchidan, amaldorlarning pora olishiga sabab qoldirmaslik bo‘lsa, ikkinchi tomondan xususiy sektorda ko‘p daromad topadigan odamlarni davlat xizmatiga jalb qilish imkoni paydo bo‘ladi.
Li Kuan Yu xususiy tarmoqda o‘ta band bo‘lgan va katta daromad ko‘radigan qobiliyatli insonlarning hukumatga kirishga qiziqishi yo‘qligiga eʼtibor qaratadi. Shuning uchun ular ishlab topadigan pulning ayrim qismi (masalan, 1/3)ni maosh qilib berish orqali ularni davlat xizmatiga jalb qilishga harakat qilishadi.
Singapur hozir ham amaldorlarga yuqori maosh berish tizimini saqlab qolgan. Masalan, amaldagi bosh vazir Li Syanlun eng ko‘p ish haqi to‘lanadigan davlat rahbari hisoblanadi.
Yuqoridagi maʼlumotlar Singapurning korrupsiyaga qarshi muvaffaqiyatining bir qismi, xolos. Bundan tashqari, yana boshqa ko‘plab omillar ham shaffof va samarali hukumatni tuzishga yordam bergan.
Albatta, bir davlat tajribasini to‘lig‘icha boshqa davlatda amalga oshirish imkonsiz. Ammo uning eng yaxshi jihatlarini o‘zlashtirish mumkin.








