Twitter Maskka qimmatga tushmoqda
Ijtimoiy tarmoq mojarosi tufayli Mask nafaqat pulini, balki obro‘sini ham yo‘qotmoqda.

SpaceX‘ga asos solganidan beri 20 yil davomida Ilon Mask insoniyat foydasi uchun xizmat qiluvchi inson mavqeini saqlab kelgan. Tesla va Starlink asoschisi shu paytgacha quvvatning ekologik manbalari, elektr transport, fazoni o‘rganish va parvozlar uyushtirish, arzon sunʼiy yo‘ldosh interneti, kelajak transport vositalari kabi loyihalarni amalga oshirib kelgan va bu xizmatlari uchun hatto 2021 yilda Time jurnalining “Yil odami” maqomiga sazovor bo‘lgan.
Ammo Twitter savdosi bilan bog‘liq mojaro fonida Maskning obro‘si tushib bormoqda. AQSH OAVlari uni Donald Tramp bilan taqqoslab, monopol va konservatorlikda ayblamoqda.
“Twitter” mojarosi nimadan boshlandi?
Ilon Mask yangi lavozimga kelganda Twitter‘ning sobiq rahbarlari kirdikorlarini ochiqlashni vaʼda qildi, ammo “Twitter fayllari” kutilganidek shov-shuvli bo‘lib chiqmadi.
Noyabr oyida Twitter xodimlari ommaviy qisqartirishga va mehnat sharoitining yomonashishiga duch keldi. Yangi rahbar vaʼda qilgan yangilik — pullik verifikatsiya (haqiqiylik belgisi)dan voz kechishga to‘g‘ri keldi. Bunga feyk sahifalarning juda ko‘pligi sabab bo‘ldi.
Bu xatolar qimmatga tushdi. Forbes nashrining yozishicha, Eli Lilly and Company tekin insulin tarqatishi haqidagi yolg‘on xabar ortidan kompaniya aksiyalari 4 foizga tushib ketdi. Bundan tashqari, Lockheed Martin harbiy-sanoat korporatsiyasi, Apple va Maskning o‘ziga tegishli bo‘lgan Tesla va SpaceX ham moliyaviy zarar ko‘rdi.
Kompaniya xodimlari vahimaga tushgan, ish yomonlashib borayotgan bir paytda Mask o‘zining missiyasi so‘z erkinligini taʼminlash ekanini takrorlab charchamadi. Bu borada asosiy ish sifatida Ilon Mask “Twitter fayllari”ni ochiqlashni tanladi. Bu kompaniya xodimlarining ichki yozishmalari bo‘lib, ularda ikki xil standartlar va senzura fosh etilishi kutilgan edi.
2 dekabr kuni kutilgan “sirlar” fosh bo‘lishi boshlandi
Ijtimoiy tarmoq top-menedjerlari tomonidan 2020 yil oktyabrda yuborilgan xabarlarda Twitter amaldagi prezident oilasi haqidagi negativ xabarlar tarqalishini cheklagani muhokama qilingan. Keyinchalik Donald Trampning sahifasini bloklash, o‘ta o‘ng publitsistlarni boshqarish haqida gap ketgan.
“Ochiqlashlar”ni kuzatgan jurnalistlar ahamiyatli deb hisoblangan hujjatlar tarmoqqa chiqmaganidan norozi bo‘ldi. Eʼlon qilinganlari esa kontekstdan yulib olingan va o‘qish qiyin bo‘lgan skrinshotlar ko‘rinishda edi. 12 dekabr kuni The Wall Street Journal‘ning sobiq bosh muharriri Djerard Beyker “Twitter fayllari” shov-shuvli hech narsa bermaganini yozdi.
Vanity Fair jurnali esa bu fayllar Twitter haqida emas, Ilon Mask haqida ko‘proq maʼlumot berganini taʼkidladi. Mualliflar fikricha bu “ochiqlash” ijtimoiy tarmoqni qo‘lda boshqarish mexanizmini ko‘rasatib berdi va Birgina odam sahifalarni bloklar yoki blokdan ochish haqida qaror qabul qilishini aks ettirdi. Washingto Post ham bu fikrga ko‘shilib, Maskni ikkiyuzlamachilikda aybladi.
So‘z erkinligi tarafdori bo‘lgan “blokirovkachi”
O‘zining so‘z erkinligi himoyachisi ekanini taʼkidlagan Mask yoqtirmagan jurnalistlari sahifasini bloklab qo‘yishni boshladi.
Shu yilning dekabrida “blokirovka” ishlari boshlangach, jamoatchilik Maskning so‘z erkinligi haqidagi gaplarini o‘ziga eslatishni boshladi. 20 yoshli Jek Suini mojarolar markazida bo‘ldi. U AQSH fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasi maʼlumotlaridan foydalanib, milliarderning samolyotlarini kuzatib kelgan. Suini yaratgan botlari Bill Geyts, Jeff Bezos, Vladimir Putin va boshqa mashhur shaxslarning samolyotlarini kuzatib, ular uchgan va qo‘ngan paytda avtomatik eʼlon chiqargan.
Bir yil oldin Ilon Mask Suiniga murojaat qilib, 50 ming dollar evaziga botini o‘chirib tashlashni so‘ragan, ammo rad javobini olgan. Endi esa milliarder botni o‘chirish bilan birga uni yaratgan talabani sudga ham berdi. Suinining boshqa botlari ham avtomatik tarzda o‘chirildi.
Shundan so‘ng Twitter real vaqtda geolokatsiya ko‘rsatishga taqiq qo‘ydi.
Suini atrofidagi mojaroni yoritgan jurnalistlar, jumladan, The New York Times‘dan Rayan Mak, CNN muxbiri Doni OʼSallivan, Mashable va The Washington Post xodimlarining sahifalari bloklab qo‘yildi.
Twitter Spaces ovozli chatlari o‘chirib qo‘yilgani jurnalistlarga navbatdagi zarba bo‘ldi. Aytilishicha, Maskning bu qaroriga audioxonalardan birida OAV xodimlarining bloklanishini eshitib qolgani sabab bo‘lgan. Muhokamachilar tadbirkordan muxbirlarni kuzata turib, so‘z erkinligi haqida qanday gapirish mumkinligi so‘ralganda u “Agar doksing bilan shug‘ullansangiz, blokka tushasiz”, deb bir necha marta takrorlagan va chiqib ketgan. Bir necha soatdan so‘ng ovozli chat xizmati ishlamay qoldi.
Vaziyatga BMT aralashuvi
BMT bosh kotibining global aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Melissa Fleming Twitter‘da Maskka “media erkinligi o‘yinchoq emas”ligini eslatib qo‘ydi. Yevrokomissiya raisi o‘rinbosari Vera Yourova esa Twitter‘ga Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun doirasida sanksiyalar bilan ogohlantirish yubordi.
Twitter yopilishi mumkinmi?
Ijtimoiy tarmoq yashashda davom etishi mumkin, ammo uni katta o‘zgarishlar kutmoqda.
Ilon Mask siyosatidan norozilik ijtimoiy tarmoqdan ko‘plab mashhurlarning voz kechishiga sabab bo‘ldi. Noyabr oyi o‘rtalarida platforma foydalanuvchilari #RIPTwitter xeshtegini topga chiqardi. Ular shu xeshteg ostida ijtimoiy tarmoq bilan vidolashgan.
Kuzda Mask kompaniya kuniga 4 mln dollar yo‘qotayotganini eʼlon qildi. Moliyaviy ahvolini yaxshilash uchun u Tesla‘ning qariyb 4 mlrd dollarlik aksiyalarini sotib yubordi. Bundan tashqari, Reuters xabariga ko‘ra, Mask bankdan 44 mlrd dollar qarz olgan.
Forbes dekabr boshida platforma Mask kelganidan beri 2 mlrd dollar yo‘qotganini eʼlon qildi. Ammo mualliflar agar platformaga qator yangi xizmatlar, jumladan, bank o‘tkazmalari qo‘shilsa, Twitter keyinchalik ishlab ketishga imkon topishini aytmoqda. Shunga qaramay, bankrotlik ssenariysi ham yo‘q emas. Ilon Mask yangi xodimlari bilan birinchi uchrashuvidayoq bu haqda ogohlantirgan edi.
“Mask Trampga aylanib qolmoqda”
Wired jurnali bosh muharriri Gideon Lichfild “Ilon Maskning Tramplashuvi” sarlavhali maqolasida AQSHning sobiq prezidenti va Twitter‘ning yangi sohibini taqqoslagan. Bu safargi mojarolar jurnalistga Trampning 2017 yilgi inauguratsiyadan keyingi ilk oylarini eslatgan. O‘shanda jurnalistlar Oq uyning yangi egasining ijtimoiy tarmoqdagi xabarlariga qanday baho berishni bilmay qolgan.
Postlarning aksariyati populistik xarakterda bo‘lsada, muallifning mansabi ularni shunchaki eʼtiborsiz qoldirishga yo‘l qo‘ymas edi, ammo keyinchali Trampning Twitter‘dagi faoliyati yoritilmay qo‘ydi. Endi esa jurnalistlar Ilon Maskning to‘xtovsiz axborot oqimiga duch kelganda, o‘sha odatni yodga olmoqda. Atlantic jurnali milliarderning jurnalistlarga bo‘lgan bu munosabatini tanqid qilib chiqdi. Sharhlovchi Erik Levis esa Maskning siyosiy qarashlari o‘zgarganini biznes bilan bog‘lamoqda.
2000 va 2010 yillar oxirida Demokratik partiya elektromobillar va yashil energetikani qo‘llab-quvvatlagani Tesla foydasiga ishlagan. Ammo Mask tarafga otilgan toshlar aloqalar yomonlashishiga olib keldi va u siyosiy spektrda o‘ngga harakatlanishni boshladi.
Levisning taʼkidlashicha, Donald Tramp ham xuddi shunday vaziyatni boshdan kechirib, so‘llardan o‘nglar tarafga harakatlangan.
Maskning demokratik partiya bilan ilk mojarosi koronavirus pandemiyasi davrida boshlandi. 2020 yil martida tadbirkor pandemiya bir oyda chekinishini aytib, qatʼiy karantin qoidalariga qarshi chiqdi. Ammo uzoq davom etgan lokdaun fonida Tesla‘ning Kaliforniyadagi zavodi yopildi. Mask o‘shanda shtat siyosatini “fashizm№ deb atab, avto ishlab chiqaruvchining shtab-kvartirasini Texasga ko‘chirishga tayyorlana boshladi. 2021 yilda ko‘chib o‘tgach, Mask Bayden administratsiyasi bilan chiqishmay qoldi.
2022 yilda esa Mask demokratlarni “ajratish va nafrat partiyasi” deb atab, ular bilan aloqalari butkul uzdi. Noyabr oyida Ilon Mask keyingi prezident saylovida respublikachilar vakilini qo‘llab-quvvatlashini eʼlon qildi.
Shuningdek, Levis so‘nggi 2 yilda Mask o‘ta o‘ng trollar uslubini qo‘llayotganini taʼkidlaydi. Tadbirkor provokatorlarning xabarlariga faol javob qaytarishni boshlagan. Buning ustiga Mask demokratlar tanqidiga kirishgan.







