Mutolaa vaqti: “Anna Karenina” haqida o‘ylar

Zamon.uz‘da  Lev Tolstoyning shoh asari sharhi.

Mutolaa vaqti: “Anna Karenina” haqida o‘ylar

 

Adabiyot keng maʼnoda yozma ish, ayniqsa, yuqori yoki doimiy badiiy xususiyatga ega deb hisoblangan asarlar sifatida taʼriflanadi. Badiiy asar o‘qishga bo‘lgan intilishning son-sanoqsiz sabablari bor va ular bizni kitobning har sahifasiga oshno qiladi. Adabiyot kishi fikrini qo‘zg‘atishdan tashqari boshqa odamlar fikrini qabul qilishga ham undaydi. Ana shunday marvarid asarlar sirasiga kiruvchi romanlardan biri “Anna Karenina”dir.

 

Tolstoy rus jamiyatida kechayotgan noxush jarayonlarni tasvirlash avvalida 3 oila – Oblonskiy, Karenin va Levinlardan iborat tizginni o‘quvchi oldiga tashlaydi. Lekin yozuvchi, eng avvalo, ko‘zguni insonning qalbiga, uning ichki olamiga tutadi.

 

Asarning avvaliga eʼtibor qarataylik. Roman Oblonskiy va uning rafiqasi Dollini yarashtirish uchun kelgan Anna tasviridan boshlanadi. Yozuvchi odamning xulq-u xarakterini mohirona ochib berishga intilganki, asarni o‘qish avvalida aynan mana shu epizodda Vronskiy bilan ilk marta uchrashgan Annaning hayoti, uning qarashlari tubdan o‘zgarib ketishini o‘quvchi boshida qayoqdan bilsin?! Ikki qalbni yana birlashtirish uchun kelgan ayolning halovati va shuning barobarida oilasi ham ayni shu uchrashuvdan keyin buzila boshlaydi. Buyuk yozuvchi bu bilan qarama-qarshiliklar odamzod tegrasida tinmay aylanaverishini isbot qilib qo‘ygan.

 

Roman o‘quvchini uning xayoliga kelmagan xulosalar va yechimlar bilan hayratlantiradi, ilk uchrashuv avvalida Vronskiy va Anna bir voqeaga guvoh bo‘ladi:

 

Aka-singil va Vronskiy eʼtiborini dod solgan ovoz va olomonning bir tomonga qarab yugurishi tortadi. Shunda stansiya xodimlaridan biri poyezd tagida qolib halok bo‘lgani va yig‘layotgan ayol uning rafiqasi ekani maʼlum bo‘ladi. Aka-singil va Vronskiy marhumga achinadi va uning oilasi boshiga tushgan bu mudhish hodisadan o‘ziga kelolmaydi, Annaning halovatini bir zum buzgan Vronskiy marhumning ayoliga pul beradi va unda insoniylikning ustuvor xislatlaridan biri borligini dilbar ayol qarshisida isbotlab, bu kibor xonim ko‘z o‘ngida ideal maʼbudga aylanadi.

 

Yozuvchi o‘quvchini nafaqat hayratlantiradi, balki qahramonning boshidan kechirayotganini his qilishga, uni tushunishga chaqiradi

 

Tolstoy, aksar rus yozuvchilaridek nasroniy diniga katta eʼtiqod qo‘ygan, hayotda ro‘y berayotgan voqealarga va kishilarning xatti-harakatlariga ham shu din nuqtai nazaridan yondashgan. Uning diniy qarashlari jamiyat va shu jamiyatda yashovchi kishilarga, binobarin, u yoki bu qahramoniga bo‘lgan munosabatiga, shak-shubhasiz, taʼsir o‘tkazgan.

 

Bu o‘rinda yozuvchi Anna va Vronskiy obrazi orqali insonning hali o‘zi tushunib, anglab ulgurmagan tug‘yonlari, javobsiz savollariga o‘quvchi eʼtiborini qaratadi. Aleksey Kareninning rafiqasi bo‘lishiga qaramay Anna Vronskiyni ilk ko‘rishida qalbida unga bo‘lgan ehtiros vulqoni, uni hech nimadan tab tortmaslikka undamoqchi bo‘lgan bir epkinni sezadi va umrida bu hislarni ilk bor boshidan kechiradi.  Va Tolstoy Annani ishq deb o‘ylagan pokiza tuyg‘u ortidan kelgan iztiroblari orqali tushunishga o‘quvchini chaqiradi. Hech bir jihat eʼtibordan chetda qolmaydi, kishi o‘zi uchun kashf qilgan xulosalarni olishga erishadi.

 

Roman yana bir sof muhabbat tarixini ham tarannum etadiki, bu Levin va Kitini bog‘lab turgan pokiza rishtalardir. O‘sha davr muhiti va odamlar “men”ida aristokrat oila qizlariga boylik uchun “ko‘ngil qo‘yish” urchigan bir paytda, Levin Kitiga chindan oshiq bo‘lib qoladi. Yozuvchi ushbu epizodlar bilan tobora yo‘qolib borayotgan asil tuyg‘ularni soxtasidan ajratish yo‘llarini o‘rgatadi, haqiqiy rishtalarni qadriga yetishga chorlaydi.    

 

Roman tom maʼnoda odamlarning idroki va ahloqini ochib beradi

 

Garchi asarlar dunyoning turli burchaklaridan kelgan turli odamlar tomonidan yozilgan bo‘lsa-da,  u ayni jamiyatda, ayni vaqtda sodir bo‘layotganga o‘xshaydi. “Anna Karenina” ham ana shunday asarlar toifasidan.  Anna aslida qanday ayol o‘zi, kim u, uning qalbida qanday Anna yashaydi?  Yozuvchi mohirlik bilan sirlarni oshkor qiladi.

 

Karenina romanda shunday go‘zallik bilan tasvirlanganki, aksariyat ayollar badiiy tasvirdan kelib chiqib unga o‘xshashni orzu qilgan. Undagi hech kimga o‘xshamagan xarakter xonimning zohiri orqali ham ochib berilgan.

 

 

Romandan xulosa chiqarishdan avval o‘quvchi bir necha bor o‘lib-tiriladi, qahramonlarga hukm o‘qish barobarida esa, bu avvalo, o‘ziga bo‘lgan munosabat ekanini anglab yetadi. 

 

Anna Karenina aslida sodda, samimiy, dilbar va vaziyatga to‘g‘ri baho bera oladigan ayol edi, u shunchaki sevib qoldi, shunchaki

 

U shunchaki o‘zidek kuchli muhabbat egasini emas, mutlaqo boshqa, vaqti kelib o‘zi ham tanimay qoladigan insonni sevdi... U mudom Vronskiyga oshiq bo‘lgan Anna va boshida eri bor Anna o‘rtasidagi jangda kurashib yashadi.  Va bu jang uning o‘zini, faqat o‘zini halok etdi. 

 

Romanning boshida tasvirlangan poyezd voqeasini olaylik. O‘sha sahnada marhumning ayoliga yordam qo‘lini cho‘zgan Vronskiy butun boshli hayoti va uning mazmunidan ayrilib, o‘zini poyezd tagiga otishga majbur bo‘lgan Annaning jasadiga hatto bir qur ham nazar tashlamaydi. Tolstoy o‘sha holatdagi yigitni qanchalar olijanob tasvirlasa, Annaning muhabbatiga arzimagan Vronskiyni shunchalar xudbin va chirkin tasvirlaydi. Yaʼni bu xulosani faqat o‘quvchining o‘ziga qoldiradi.

 

Xulosa esa qaysi din vakili bo‘lishidan qatʼi nazar oila  muqaddasligi, uni ayol va erkak teng maʼnoda asrashi kerakligidan, o‘tkinchi, sarob hislar odamni halok qilishidan so‘zlaydi. Garchi romanning biror o‘rnida xiyonat so‘zi qo‘llanmagan bo‘lsa-da, uning naqadar mudhish xatoligini yozuvchi voqealarni tasvirlash barobarida ko‘p bor taʼkidlaydi.

 

Xulosa qilib aytganda, asar hozirda ham yonimizda yashayotgan eʼtiborsiz, jurʼatsiz Aleksey Kareninlar, muhabbati darajasini anglay olmagan, uni fahsh munosabatlar bilangina ko‘ra oladigan Vronskiylar va soxta tuyg‘ularni haqiqiysidan ajratolmaydigan, uni yuksaklarga ko‘tarib, butun boshli oilasi, farzandlaridan-da kecha oladigan, Karenina bo‘lolmagan Annalar haqida...

 

Go‘zal Abdullayeva

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"