“Jahannam darvozasi”

Qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirayotganlar yoxud onlayn qimor jabrdiydalari — yana qancha qurbon kerak?

“Jahannam darvozasi”


Bugun internet va virtual olam shu qadar rivojlandiki, hayotimizni “onlayn” tushunchasi butkul qamrab oldi. Ayniqsa, onlayn qimor degan illat ortidan qanchadan-qancha odamlarning hayoti izdan chiqmoqda. Bilib-bilmay uning izmiga tushib qolgan ko‘plab insonlar buning domidan qutulishning so‘nggi chorasi — o‘lim deya o‘z joniga qasd qilmoqda. Taassufki, uzoq tarixga ega qimor zamonlar osha taraqqiylashsa taraqqiylashdiki, urfdan aslo qolgani yo‘q. Tobora globallashib borayotgan kibervirtual dunyo uning yanada gullab-yashnashi uchun yangidan-yangi imkoniyatlar yaratayotgandek go‘yo. Shulardan biri onlayn o‘yinlardir. 


«Tekindan kelsa boylik» 


Odatda ishga hammadan erta kelaman. Ro‘paradagi xonada kompyuter klaviaturasiga bosh qo‘yib, dong qotib uxlab yotadigan hamkasbim mendan ham erta keladi. Buning sababini yaqinda bildim: ko‘pincha u tunini ishxonada o‘yin o‘ynab o‘tkazar ekan. Bir yildan buyon onlayn o‘yinlar «shaydosi»ga aylangan bu yigitni qimordagi qarzlari ham ancha-muncha ekan. 


«O‘yinga birinchi qiziqtirgan o‘rtog‘im bo‘ladi. U internetda o‘yin o‘ynab, o‘tirgan o‘rnida topgan pullari haqida maqtanib gapirgan. Shunda men ham qiziqqanman. Boshida 300 ming yutdim, keyin 200 ming. Yutgan sarim tobora qiziqishim ortib boraverdi. Keyin 400 ming yutqazib qo‘ydim. O‘sha pulimni qaytarib olaman degan ahd bilan o‘yinga mukkamdan ketdim. Tanish-bilishlarimdan qarz olib bo‘lsa ham o‘yin o‘ynayman. Qarzga kirganman, buni tan olaman. Qimorda bir gal yutadi, bir gal yutqazadi odam. O‘yinda katta summa yutib olsam, qarzlarimni uzaman va onlayn qimorni tark etaman», — deydi u. 


Onlayn qimor o‘ynovchilar soni ortib bormoqda  


  
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishida ma’lum qilinishicha, so‘nggi paytlarda onlayn qimor o‘ynovchilar soni tobora ortib bormoqda. Qimor o‘yinlari bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarliklar soni 2019 yilda 1 454 ta, 2020 yilda 2 864 ta, 2021 yilda 3 372 ta va 2022 yilning 6 oyida 2 325 tani tashkil etgan. Ushbu o‘yinlarni tashkil etish bilan bog‘liq jinoyatlar 2019 yilda 55 ta , 2020 yilda 86 ta, 2021 yilda 103 ta, 2022 yilning 6 oyida 90 tadan iborat.  


Farg‘onada profilaktika inspektori o‘zini otib qo‘ydi 


Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida profilaktika inspektori tabel quroli bilan o‘zini bosh qismidan jarohatladi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi. 


Qayd etilishicha, Toshloq tumani IIB profilaktika inspektori katta leytenant A.U. 5 dekabr kuni tungi xizmatdan chiqib, tuman IIBda o‘tkazilgan ertalabki yo‘riqnomaga kelmagan hamda u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan. 


O‘tkazilgan surishtiruv ishlari davomida katta leytenant A.U. yashash xonadonidan taxminan 3 kilometr uzoqlikdagi Besarang qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi «Katta Farg‘ona» kanali yoqasidagi yo‘lining chetida, o‘ziga tegishli bo‘lgan Spark rusumli avtomobilida o‘ziga biriktirilgan «PM» tabel quroli bilan bosh qismidan jarohatlangan, koma holatda topilgan va zudlik bilan tibbiy muassasaga joylashtirilgan. 


Ma’lum bo‘lishicha, xodim ijtimoiy tarmoqlarning 1xbet ilovasidan foydalanib, 2022 yilning avgust oyida 45 million so‘m yutqazgani uchun qarzdorlik muammosi hal etilib, intizomiy tartibda jazolangan hamda viloyat IIB qoshidagi Intizomiy kengashning nazoratida bo‘lgan.  Hozirda holat viloyat prokuratura organlari tomonidan o‘rganilmoqda. 


Qaltis o‘yinlarga kimlar ko‘proq moyil? 


“Bugungi kunda internetda qaltis o‘yinlar juda ko‘paygan. Bu o‘yinlarning mazmun-mohiyatini tushunmay telegram messenjeri orqali eng mashhur kanallar ham targ‘ib qilmoqda, — deydi psixolog Shoira Isaqova. —  Qabulimga kelayotgan murojaatchilarning aksariyati, aynan, onlayn qimor tuzog‘iga ilinganlar. Shu narsani hech qachon unutmasligimiz kerakki, qimor o‘yinlarning barchasi har bir oilaning shaxsiy jamg‘armasiga juda katta ta’sir ko‘rsatadi.

 

Hayotda har bir odam omadli, muvaffaqiyatga tez erishishni va g‘olib bo‘lishni xohlaydi. Ammo noto‘g‘ri qadam bosib, bu orzu-istaklarni amalga oshirib bo‘lmaydi. Yillar davomida noto‘g‘ri tushunchalar bilan shakllangan shaxslar qaltis o‘yinlarga ko‘proq ruju qo‘yadi. Kezi kelganda yana bir narsani ta’kidlab ketishni istardim: ko‘pchilik virtual olamni haqiqiy hayotga almashadi. Natijada bu yerda muvaffaqiyatlarga erishishni xohlaydi. Shifokorlar bunday o‘yinlarga tobelikni norkotik va alkogol mahsulotlariga qaramlilik bilan teng baholashadi. 


Yaqinda qabulimga bir yigit keldi. U 10 yildan beri onlayn o‘yin o‘ynarkan. Bir oyda 100-200 dollar topishini, biroq buni topish uchun 500-600 dollar pul tikishini aytdi. Vaholanki, u bir oilaning boshlig‘i. Biz unga kerakli mutaxassislarni jalb etib, qaramlikdan chiqishida amaliy yordam ko‘rsatdik”. 


Onlayn o‘yinlarga qaramlilik oiladagi nosog‘lom muhit, farzandga bo‘lgan e’tiborsizlik, doimiy nazorat qilmaslik, oson pul topish, bekorchilik oqibatida kelib chiqmoqda. Bu kabi o‘yinlarga tezroq barham berilmasa, jamiyatimiz illatlar iskanjasiga g‘arq bo‘laveradi. 


Qonunda jazo muqarrar 


Qimorda yutqazgan taraf yutgan tarafni hech qachon yaxshi ko‘rmaydi. O‘rtada adovat, nafrat, janjal paydo bo‘ladi. Mag‘lub taraf imkon topildi deguncha yutgan tarafdan pullarini qaytarib olishga, buning uchun hatto o‘sha yutgan kimsani o‘ldirishgacha borib yetadi. Qimor sababli insonlar o‘rtasida dushmanlik, bir-birini yomon ko‘rish va hatto qotillik yuzaga keladi. Mana shularning o‘ziyoq qimorning jamiyatga soladigan xavfi, keltiradigan zararlari nechog‘li ayanchli ekanini ko‘rsatadi. Jinoyat jazosiz qolmaydi. Internet orqali tashkil etiladigan bu kabi o‘yinlar uchun qonunchilikda qat’iy chora qo‘llanilishi belgilangan.


Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 191-moddasiga ko‘ra, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish yoki o‘tkazish uchun telekommunikasiya tarmoqlarida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i provayderlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish yoki xizmatlar ko‘rsatishga ko‘maklashish, tegishli dasturiy ta’minotdan nusxa ko‘paytirish, uni ko‘paytirish, tarqatish — kompyuter va boshqa yordamchi vositalarni, shuningdek o‘yinga tikilgan hamda o‘yindagi yutuq bo‘lgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shu kodeksning 278-moddasida esa «Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish yoki o‘tkazish uchun telekommunikasiya tarmoqlarida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i provayderlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish, tegishli dasturiy ta’minotdan nusxa ko‘paytirish, uni ko‘paytirish, tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolananishi» ko‘rsatib o‘tilgan. 

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"