O‘zbekistonda uy-joyga muhtoj yosh oilalarga ipoteka kreditlari beriladi
Ipoteka kreditlari bo‘yicha hisoblangan foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori qismi davlat budjeti hisobidan qoplanadi.

Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 20-aprelda imzolangan PF–66-son Farmon bilan 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi tasdiqlandi. Bu haqda "Huquqiy axborot" Telegram-kanali xabar berdi.
Farmonga muvofiq, uy-joyga muhtoj yosh oilalarga 2027-yil 1-yanvardan boshlab birlamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditlari ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi tartibga asosan:
- ipoteka kreditlari bo‘yicha hisoblangan foiz to‘lovlarining O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkasidan yuqori qismi davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi;
- kreditlar ijtimoiy mezonlar asosida tanlab olingan yosh oilalarga beriladi.
Belgilangan talablarga ko‘ra, ipoteka kreditlari quyidagi shartlarga javob beradigan yosh oilalarga ajratiladi:
- ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘i 30 yoshdan oshmagan bo‘lishi;
- ularning nomida so‘nggi uch yil davomida mulk huquqi asosida ko‘chmas mulk mavjud bo‘lmasligi.
Mazkur chora-tadbirlar yoshlarning uy-joy sharoitini yaxshilash, ta’lim sifati va hududlar kesimidagi imkoniyatlar tengligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, 2026-yil 1-iyulgacha nodavlat qo‘shimcha ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlarda yuqori natijalarga erishgan o‘qituvchilar xorijdagi ilg‘or ta’lim markazlarida stajirovkaga yuboriladi.
Bundan tashqari olis va chekka hududlarda xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashgan nodavlat ta’lim xizmatlarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha rag‘batlar joriy etiladi.
Xususan, bunday faoliyatni yo‘lga qo‘ygan yoki kengaytirishni rejalashtirayotgan subyektlarga bazaviy hisoblash miqdorining 730 baravarigacha foizsiz qarz (ssuda) ajratilishi belgilandi.








