Rossiyadan ota-ona qaramog‘isiz qolgan 6 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi
Qaytarilgan bolalar Toshkent aeroportida kutib olinib, oila bag‘riga topshirildi.

Joriy yilning 21-aprel kuni idoralararo hamkorlik hamda Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik natijasida xorijda ota-ona qaramog‘isiz qolgan 6 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Voyaga yetmaganlar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti orqali poytaxtga olib kelinib, belgilangan tartibda oila bag‘riga topshirildi.
Hozirda bolalar va ularning oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, zarur yordam ko‘rsatish hamda doimiy monitoring olib borish ishlari yashash hududlari bo‘yicha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun, mazkur hamkorlik doirasida joriy yilning mart oyida ham xorijda ota-ona qaramog‘isiz qolgan 5 nafar voyaga yetmagan bola Vatanga qaytarilgan edi.








