“Kabar” agentligining O‘zbekistondagi muxbiri To‘lanboy Qurbonov vafot etdi
U 2003 yildan buyon xorijiy muxbir sifatida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni xolis va tezkor yoritib kelgan.

Qirg‘izistonning “Kabar” milliy axborot agentligining O‘zbekistondagi ko‘p yillik muxbiri, tajribali jurnalist To‘lanboy Qurbonov vafot etdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, To‘lanboy Qurbonov 1952 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan. U o‘z faoliyati davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yoritishga munosib hissa qo‘shgan hamda uzoq yillar davomida Respublika radiosining qirg‘iz bo‘limida faoliyat yuritgan.
U 2003 yildan buyon O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzurida akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy jurnalist sifatida mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni xolis va tezkor yoritib kelgan.
Shuningdek, u qirg‘iz va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi madaniy yaqinlikni mustahkamlashga qaratilgan tarjima ishlari bilan ham shug‘ullangan. Jumladan, Chingiz Aytmatov asarlarini tarjima qilish orqali ma’naviy meros targ‘ibotiga hissa qo‘shgan.








