Rossiyaga aloqador xakerlar Ukraina prokurorlarining elektron pochta akkauntlarini buzgan — Reuters
Shunga o'xshash holatlar Ruminiya, Gretsiya, Bolgariya va Serbiyada ham qayd etilgan.

Rossiyaga aloqador xakerlar Ukraina prokurorlari va tergovchilarining 170 dan ortiq elektron pochta akkauntlarini buzgan. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, xakerlik hujumlari 2024-yil sentyabridan 2026-yil martigacha davom etgan bo‘lib, umumiy hisobda kamida 284 ta elektron pochta akkounti buzilgan. Kiberhujumlar sodir bo‘lgani xakerlar tomonidan tasodifan ochiq qoldirilgan server orqali britaniyalik hamda amerikalik kiberxavfsizlik mutaxassislaridan iborat Ctrl-Alt-Intel guruhi tomonidan aniqlangan.
Tahlillarga ko‘ra, hujumlar asosan Ukraina huquq-tartibot organlari xodimlariga qaratilgan. Xususan, harbiy sohadagi korrupsiya va josuslikka qarshi kurashuvchi maxsus prokuratura, Aktivlarni boshqarish agentligi (ARMA) hamda prokurorlar malaka oshirish markazi xodimlari nishonga olingan.
Jabrlanganlar orasida ARMA sobiq rahbari Yaroslava Maksimenko hamda prokurorlar markazi direktor o‘rinbosari Oleg Duka bor. Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashgan prokuraturaning yuqori lavozimli xodimlaridan birining ma’lumotlari qo‘lga kiritilgani aytilmoqda.
Ekspertlar fikricha, xakerlar Ukraina tergovchilaridan oldinda bo‘lish yoki yuqori martabali amaldorlar haqida muhim ma’lumotlarni qo‘lga kiritishni maqsad qilgan.
Mazkur kampaniya “Fancy Bear” nomi bilan tanilgan Rossiya harbiy xakerlik guruhiga bog‘lanmoqda. Biroq ayrim kiberxavfsizlik mutaxassislari bu guruhning bevosita ishtirokini tasdiqlamagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, xakerlik hujumlari faqat Ukraina bilan cheklanmagan. Ruminiyada kamida 67 ta, Gretsiyada 27 ta elektron pochta akkaunti buzilgan, shuningdek Bolgariya va Serbiyada ham shunga o‘xshash holatlar qayd etilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu hodisa Rossiyaga aloqador kiberjosuslik faoliyatining kengroq tizimining bir qismi bo‘lishi mumkin.
Rossiya tomoni xakerlik faoliyatiga aloqadorlik haqidagi ayblovlarni rad etib kelmoqda.








