Putinga istalgan mamlakatga hujum qilish vakolati berildi
Davlat Dumasi prezidentga rossiyaliklar ta’qibga uchrayotgan mamlakatlarga qo‘shin kiritish vakolatini beruvchi qonun loyihasini qabul qildi.

Rossiya Davlat dumasi Rossiya fuqarolarini xorijda himoya qilish maqsadida mamlakat Qurolli kuchlaridan foydalanish imkonini beruvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, prezident qarori asosida Rossiya Qurolli kuchlari bo‘linmalaridan mamlakat hududidan tashqarida foydalanish mumkin bo‘ladi. Tashabbus, avvalo, rossiyaliklar chet davlatlarda hibsga olinishi, ushlab turilishi yoki jinoiy va boshqa turdagi ta’qiblarga duchor bo‘lishi holatlarida ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.
Hujjat izohida qayd etilishicha, mazkur mexanizm Rossiya ishtirokisiz faoliyat yuritayotgan xorijiy sudlar yoki xalqaro organlar qarorlari asosida fuqarolarga nisbatan choralar qo‘llanilganda ishga tushirilishi mumkin. Xususan, Rossiya bilan xalqaro shartnomaga ega bo‘lmagan yoki BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalariga asoslanmagan sud qarorlari nazarda tutilmoqda.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, Rossiya prezidenti mamlakat manfaatlariga zid deb hisoblangan xorijiy yoki xalqaro qarorlar va harakatlar yuzasidan fuqarolarni himoya qilish choralarini ko‘rish vakolatiga ega.
Davlat dumasining Mudofaa qo‘mitasi ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, u Rossiya fuqarolari va tashkilotlarini xorijdagi noqonuniy bosimlardan himoya qilishga xizmat qilishini ta’kidladi. Qo‘mita raisi Andrey Kartapolovning bildirishicha, loyiha, shuningdek, tashqi maydonda davom etayotgan rusofobiya kayfiyatlariga qarshi turishga ham qaratilgan.








