Ikki kun ichida muzokaralar bo‘yicha muhim o‘zgarish bo‘lishi mumkin — Tramp
Vashington va Tehron muloqoti uchun yangi joylar, jumladan Yevropa ham ko‘rib chiqilmoqda.

Donald Tramp AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarni Pokistonda o‘tkazish ehtimolini istisno etmadi.
AQSh prezidenti bu haqda The New York Post nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, yaqin ikki kun ichida muzokaralar bo‘yicha “ijobiy o‘zgarishlar” yuz berishi mumkin.
Tramp Pokistonni muzokaralar o‘tkazish uchun maqbul platforma sifatida baholab, mamlakat harbiy rahbari — Asim Munir faoliyatini yuqori baholadi. Unga ko‘ra, aynan shu omillar AQSh delegatsiyasining Pokistonga qaytish ehtimolini oshirmoqda.
Avvalroq AQSh prezidenti muzokaralarni boshqa hududda o‘tkazish variantlari ham ko‘rib chiqilayotganini bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ehtimoliy joylar qatorida Yevropa mintaqasi ham bor, biroq Turkiya bu ro‘yxatga kiritilmagan.
Shu bilan birga, Tramp Yevropa davlatlarini Hormuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashishni tiklash borasida yetarli choralar ko‘rmayotganlikda tanqid qilgan.
Qayd etilishicha, muzokaralar bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan bo‘lib, tomonlar ehtimoliy sana va joyni muhokama qilishda davom etmoqda.








