Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Germaniyaning yetakchi kompaniya rahbarlari bilan uchrashdi

“Har bir germaniyalik tadbirkor mamlakatimizda o‘zini erkin va dadil his etishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyormiz”, — dedi Prezident ular bilan muloqotda.

Shavkat Mirziyoyev Germaniyaning yetakchi kompaniya rahbarlari bilan uchrashdi

 

Bugun, 3-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga tashrifi doirasida ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

 

Germaniya tomonidan tadbirda Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi, Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi, Germaniya energetika agentligi, “CLAAS”, “Knauf”, “Siemens Energy”, “Lasselsberger”, “Aurubis”, “Linde Group”, “Gunter Papenburg”, “Falk-Porsche-Technik”, “Mangold Consulting”, “DB Engineering”, “Landesbank”, “Commerzbank”, “KfW Bank”, “Deutsche Bank” kabi o‘ttizga yaqin eng yirik kompaniya va banklar rahbarlari qatnashdi.

 

Bunday formatdagi muloqot ilk bor 2019 yil yanvarida, davlat rahbarining GFRga rasmiy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgandi. Natijada O‘zbekistonda iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha bir qator yuqori texnologik loyihalar ishga tushirildi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklik sezilarli ravishda faollashdi.

 

O‘zbekiston Prezidenti uchrashuvni ochar ekan, Germaniya bilan munosabatlarda yuksak ishonch va o‘zaro hurmat qaror topganini alohida qayd etdi. Mamlakatda germaniyalik hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 5 milliard yevrodan ziyod 60 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.

 

Oxirgi yillarning o‘zida Germaniya investitsiyalari hajmi 4 milliard yevroni tashkil qildi, qo‘shma korxonalar soni ikki barobarga ko‘paydi. O‘zbekistonda “CLAAS”, “Knauf”, “Gunter Papenburg”, “Linde Group” va “Falk-Porsche-Technik” kabi Germaniya iqtisodiyotining “lokomotivlari” muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.

 

O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir raisligidagi Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi hamkorlikni muntazam muvofiqlashtirib borishning muhim mexanizmiga aylandi.

 

Prezident ushbu tashrif davomida erishilgan muhim kelishuvlar va istiqbolga mo‘ljallangan rejalarni amalga oshirishda asosiy rolni aynan ishbilarmon doiralar o‘ynashi mumkin va lozimligini qayd etdi.

 

Xususan, kuni kecha o‘tgan O‘zbekiston-Germaniya biznes forumi doirasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va texnologik sheriklikni kengaytirish bo‘yicha 9 milliard yevrolik yangi savdo, moliya va investitsiya bitimlari imzolandi.

 

“Yashil” energetika, transport infratuzilmasini rivojlantirish, metallurgiya, suv taʼminoti, qishloq xo‘jaligi, kimyo, tog‘-kon, avtomobil, to‘qimachilik, elektrotexnika sanoati va boshqa yo‘nalishlardagi katta loyihalar shular jumlasidan.

 

Bank-moliya sohasida, shu jumladan Germaniyaning “Deutsche Bank”, “Commerzbank”, “KfW” va “Landesbank” kabi eng yirik banklari bilan loyihalarni moliyalashtirish borasidagi hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston jahon iqtisodiyotidagi keng ko‘lamli va jiddiy tebranishlar sharoitida Germaniya biznesi uchun samarali va ishonchli makon bo‘lishga tayyorligini taʼkidladi.

 

Shu maqsadda investorlar uchun zarur sharoitlar va noyob imkoniyatlar, qulay fiskal tizim yaratilgan – soliqlar soni kamaytirildi, QQS stavkalari pasaytirildi, bir qator bojxona bojlari bekor qilindi. Maʼmuriy islohotlar amalga oshirildi.

 

O‘zbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasiga muvofiq, xususiy mulk daxlsizligi kafolatlari kuchaytirildi, davlat halol raqobat va sud tizimi mustaqilligi uchun sharoit yaratishiga oid qoidalar aniq mustahkamlab qo‘yildi.

 

Endilikda investorlarning huquqlari taʼminlanishi va ularning sudda himoya qilinishi davlat tomonidan kafolatlanishi alohida qayd etildi. Bundan buyon tadbirkorlar emas, davlat idoralari o‘z qarorlarining qonuniyligini isbotlashga majbur. Shuningdek, yuzaga keladigan har qanday noaniqliklar investorlar foydasiga hal etiladi.

 

“Xorijiy investor O‘zbekiston deganda, birinchi navbatda, barqarorlik, ishonchlilik va kelajak uchun xotirjamlikni ko‘z oldiga keltirishi lozim. Har bir germaniyalik tadbirkor mamlakatimizda o‘zini erkin va dadil his etishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyormiz. Germaniyaning ilg‘or ishlanmalari va innovatsion texnologiyalarni O‘zbekistonning resurslari va inson salohiyati bilan birlashtirsak, katta natijalarga erisha olamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Tadbirkorlar bilan muloqot Germaniya biznes hamjamiyatining hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi katta ekanini yana bir bor namoyish etdi.

 

Fikr almashish chog‘ida GFR ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ahamiyatini yuksak baholab, bu mamlakatda investitsiyaviy faoliyat yuritish bo‘yicha Germaniya biznesining eng dadil va uzoq muddatli rejalarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishini taʼkidladilar.

 

Uchrashuvda Germaniya kompaniyalari rahbarlari aniq takliflarini aytdi. Ustuvor sohalarda yuqori texnologik va innovatsion yechimlarni joriy qilgan holda amaliy hamkorlikni davom ettirish va kooperatsiyani kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniya biznesi vakillariga dolzarb tashabbuslari uchun samimiy minnatdorlik bildirib, muloqot mazmunli bo‘lganini mamnuniyat bilan qayd etdi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga loyihalarni birgalikda ishlab chiqish, umuman, tashrif doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlashga topshiriq berdi.

 

custom img

Toqayev Qozog'istonga yetib borgach, Mirziyoyevga maktub yo'lladi

Qozog‘iston yetakchisi Buxoro shahriga amaliy tashrifi chog‘ida ko‘rsatgan alohida mehmondo‘stlik va samimiyat uchun Shavkat Mirziyoyevga chin dildan minnatdorlik bildirgan.

custom img

Toqayevning O‘zbekistonga tashrifi yakunlandi

Tadbir yakunlangach, oliy martabali mehmonni Buxoro xalqaro aeroportida O‘zbekiston rahbari kuzatib qo‘ydi.

custom img

Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari Buxoroning tarixiy merosi bilan tanishdilar

Tashrif davomida Prezidentlarga tarixiy yodgorliklar va hunarmandchilik namunalari namoyish etildi.

custom img

Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari sunʼiy intellekt boʻyicha xakatonda ishtirok etdi

Buxorodagi AI xakatonda davlat rahbarlariga sunʼiy intellekt asosidagi innovatsion loyihalar va startaplar taqdim etildi.

custom img

Qozog‘iston Prezidentiga noyob arxiv materiallarining nusxalari hadya qilindi

Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jo‘mart To‘qayev Buxoro viloyati hokimligi situatsion markazi faoliyati bilan tanishdi.

custom img

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari Buxoroda muzokara o‘tkazdi

Muzokarada tomonlar yirik mintaqaviy loyihalarni jadallashtirish va “yashil” energiya eksporti bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish masalalarini ham muhokama qildi.

custom img

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi

Tashrif davomida Qur’on oyatlari tilovat qilinib, qardosh xalqlarga tinchlik va farovonlik tilab, duo o‘qildi.

custom img

Shavkat Mirziyoyev Qosim-Jo‘mart To‘qayevni Buxoroda kutib oldi

Bugun O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari ikki tomonlama muzokara o‘tkazadi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"