O'zbekiston

Namanganda Ramazon oyi munosabati bilan 67 mingdan ortiq oilaga moddiy yordam yetkazilishi rejalashtirilgan

To‘lovlar 1-martga qadar bank va ijtimoiy kartalar orqali amalga oshiriladi.

Namanganda Ramazon oyi munosabati bilan 67 mingdan ortiq oilaga moddiy yordam yetkazilishi rejalashtirilgan

 

O‘zbekiston Prezidenti qaroriga muvofiq, muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir martalik moddiy yordam ajratish choralari belgilandi. Mazkur tashabbus orqali jamiyatda mehr-oqibat va ijtimoiy birdamlik muhitini yanada mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

 

Qarorga asosan, davlat tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar, jumladan, ijtimoiy reyestrda ro‘yxatda turgan oilalar, yolg‘iz va keksa fuqarolar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yetim bolalar tarbiyalanayotgan oilalarga 1 000 000 (bir million) so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, ijtimoiy reyestrdagi kambag‘al oila toifasiga kiruvchi hamda mahalla yettiligi xulosasiga asosan qo‘shimcha shakllantirilgan oilalarga 500 000 (besh yuz ming) so‘mdan moddiy ko‘mak beriladi.

 

Xususan, Namangan viloyatida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, qariyb 67 mingdan ziyod oilaga ushbu bir martalik moddiy yordam yetkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun jami 45,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. To‘lovlar 1-martga qadar fuqarolarning ijtimoiy kartalari yoki bank plastik kartalari orqali o‘tkazib berilishi belgilangan.

 

Yurtimizda turli millat va elat vakillari ahil-inoq yashab, muqaddas Ramazon oyining shukuhi har bir xonadonga kirib bormoqda. Davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik fuqarolarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatda mehr-oqibat muhitini yanada kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"