Farg‘onadagi bog‘chada bolani yuqori kuchlanishli tok urdi
Hodisa oqibatida bolaning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona shahridagi maktabgacha taʼlim muassasasida bolani yuqori kuchlanishli tok urganligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, masʼullarning sovuqqonligi oqibatida bolaning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetganligi holati Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida prokuratura organlari tomonidan o‘rganilmoqda.
Bolaning buzilgan huquqlarini tiklash hamda uning qonuniy manfaatlarini taʼminlash yuzasidan Bolalar ombudsmani o‘z kuzatuvini olib bormoqda.
“Bu borada qo‘shimcha tarzda axborot beriladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning noyabr oyida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maktabda 8-sinf o‘quvchisi tok urib vafot etgandi. Shundan so‘ng direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari 4 yilga qamalgandi, direktorga esa 4 yilga ozodlikni cheklash jazosi berilgan.







