O'zbekiston

Joriy yilda O’zbekistonda 30,4 mlrd so‘mlik korrupsion holat aniqlandi

Qonun hujjatlariga zid ravishda chiqarilgan 9 ta hujjat bekor qilingan.

Joriy yilda O’zbekistonda 30,4 mlrd so‘mlik korrupsion holat aniqlandi

 

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga joriy yilning 1 yarim yilligida  jami 1 169 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, shundan 1 134 tasi koʻrib chiqilishi ta’minlangan.

 

Murojaatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarga, viloyat (tuman, shahar) hokimliklariga 25 ta soʻrovnoma yuborilgan, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan 15 ta taqdimnoma kiritilgan.

 

Murojaatlarni oʻrganish natijasiga koʻra, qonun hujjatlariga zid ravishda chiqarilgan 9 ta hujjat bekor qilingan. Agentlik tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga asosan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan 7 ta jinoyat ishi, 4 ta ma’muriy javobgarlik va 2 ta intizomiy javobgarlik toʻgʻrisidagi ishlar qoʻzgʻatilgan va mavjud xato-kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrilgan. Murojaatlarni oʻrganishda aniqlangan moliyaviy xato va kamchiliklar miqdori 30,4 mlrd soʻmni tashkil qilgan.

 

Agentlikka kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyatida sud-huquq sohasidagi muammolar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari va turli sohalarda korrupsiyaviy holatlarning yuz berayotganligi toʻgʻrisida yozilgan murojaatlardan iborat.

 

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Toshkent shahar boʻyicha 350 ta, Toshkent viloyati boʻyicha 123 ta, Qashqadaryo viloyati boʻyicha 101 ta, Namangan viloyati boʻyicha 78 ta, Samarqand viloyati boʻyicha 78 ta, Fargʻona viloyati boʻyicha 56 ta, Surxondaryo viloyati boʻyicha 53 ta, Sirdaryo viloyati boʻyicha 51 ta, Navoiy viloyati boʻyicha 51 ta, Buxoro viloyati boʻyicha 50 ta, Jizzax viloyati boʻyicha 47 ta, Andijon viloyati boʻyicha 45 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha 44 ta, Xorazm viloyati boʻyicha 39 ta, shuningdek, chet eldan 3 ta murojaat kelib tushgan.

 

2022/2023-yillarda davlat xaridlari sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish yuzasidan 28 ta vazirlik va idoralar takliflari inobatga olingan holda “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan va Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan tasdiqlangan.

 

Davlat xaridlariga oid qonunchilik talablariga rioya qilinishi yuzasidan jami 10 ta vazirlik, idora va tashkilotlarda oʻtkazilgan oʻrganishlarda 1 143 ta holatda 48,5 mlrd soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan.


Mazkur xato va kamchiliklar 1 ta holatda 2,1 mlrd soʻmlik xarid tanlovi talablarini bajarmaslik, 4 ta holatda 8,3 mlrd soʻmlik xaridlarni qismlarga boʻlgan holda amalga oshirish, 1 026 ta holatda 12,7 mlrd soʻmlik elektron/milliy doʻkon, auksion savdolari tartibini buzish, 2 ta holatda 1,77 mlrd. soʻmlik qonunga zid ravishda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzilganligi, 75 ta holatda 18,5 mlrd. soʻmlik xaridlarda Raqobat toʻgʻrisidagi qonun talablari buzilganligi, 35 ta holatda 5,1 mlrd. soʻmlik boshqa xato va kamchiliklardan iborat.

 

Shuningdek, oʻtkazilgan masofaviy monitoringlar yakuniga koʻra, 294,4 mlrd soʻmlik e’lon qilingan xaridlar boʻyicha korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf qilishga qaratilgan 46 ta taqdimnoma hamda jinoyat ishi qoʻzgʻatish masalasini hal qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 40 ga yaqin soʻrovnoma kiritilgan boʻlib, natijasi boʻyicha 4 ta jinoyat ishlari va 8 ta ma’muriy ishlar qoʻzgʻatilishi ta’minlandi, 8 ta holatda mas’ul xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan.

 

Hozirgi kunda 117  ta davlat tashkilotlari, shu jumladan banklarda 907 nafar shtat birligidan iborat korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Agentlik tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida 78 ta vazirlik va idoralarda ichki nazorat tizimi faoliyatining yoʻlga qoʻyilganlik holati joyiga chiqqan holda oʻrganildi. Oʻrganish natijalariga koʻra, vazirlik va idoralarga ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni samarali tashkil etilishi yuzasidan 18 ta taqdimnoma kiritilgan.

 

Ichki nazorat tuzilmalari tomonidan joriy yilning 1 yarmida 151,7 mlrd soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlanib,  toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

 

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"