O'zbekiston

O‘zbekistonda chorvalarda oqsil kasalligi xavfi sabab sanitariya oyligi e’lon qilindi

48 ta davlatda oqsil kasalligining yangi tiplari qayd etilgani ma’lum qilindi.

O‘zbekistonda chorvalarda oqsil kasalligi xavfi sabab sanitariya oyligi e’lon qilindi

O‘zbekistonda chorva hayvonlari orasida yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida 18-apreldan 18-maygacha “Chorvachilikda sanitariya-epidemiya-gigiyena” oyligi e’lon qilindi.

 

Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Fermerlar kengashi tomonidan fermerlar, dehqon xo‘jaliklari rahbarlari va chorvadorlarga yo‘llangan murojaatda qayd etilishicha, bugungi kunda global iqlim o‘zgarishi va ekologik muvozanatning buzilishi oqibatida dunyoning turli hududlarida chorva hayvonlari orasida yangi kasalliklar yuzaga kelmoqda.

 

Xususan, xorijiy mamlakatlarda chorva mollari o‘rtasida oqsil (yashur) kasalligi tarqalish xavfi kuchaygani bildirildi. Jahon hayvonlar sog‘ligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025–2026 yillarda 48 ta davlatda ushbu kasallikning yangi “SAT” tiplari aniqlangan bo‘lib, amalda qo‘llanilayotgan vaksinalar ularga qarshi to‘liq himoya bermasligi qayd etilgan.

 

Shu munosabat bilan xo‘jaliklarda veterinariya-sanitariya qoidalariga qat’iy rioya etish, kirish joylarida dezinfeksiya vositalarini o‘rnatish, begona shaxslar va transport vositalarining kirishini cheklash, hayvonlarni sifatli ozuqa hamda toza suv bilan ta’minlash, hududlarni muntazam tozalash va zararli jonivorlarga qarshi kurashish zarurligi ta’kidlandi.

 

Mutasaddilar hayvonlarda yuqori harorat, og‘iz bo‘shlig‘i va tuyoqlarda yara, elin qismida shikastlanish kabi alomatlar kuzatilsa, darhol veterinariya mutaxassislariga murojaat qilish lozimligini eslatdi. Bunday holatlarda hayvonlarni boshqalardan ajratish, mustaqil ravishda dori vositalarini qo‘llamaslik hamda mahsulotlarni hududdan tashqariga chiqarmaslik tavsiya etildi.

 

Shuningdek, chorva hayvonlarini o‘z vaqtida emlash kasalliklarning oldini olishdagi eng samarali chora ekani qayd etildi. Qoramollar yiliga ikki marta, qo‘ylar esa yiliga bir marta emlanishi lozim.

 

Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Fermerlar kengashi barcha fermer va chorvadorlarni mazkur oylik doirasida profilaktik tadbirlarni uyushqoqlik bilan amalga oshirishga chaqirdi.

 

Kasallik alomatlari aniqlanganda mutaxassislarga 71-202-12-00 (ichki: 210, 218, 323) raqamlari orqali murojaat qilish mumkin.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"