Sport

Javohir Sindarov Nomzodlar turnirini rekordlar bilan yakunladi

O‘zbekistonlik shaxmatchi turnirni mag‘lubiyatsiz va 6 g‘alaba bilan tugatdi.

Javohir Sindarov Nomzodlar turnirini rekordlar bilan yakunladi

 

Musobaqaning so‘nggi turida o‘zbekistonlik shaxmatchi xitoylik Wei Yiga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuv 32-yurishdan so‘ng tezkor durang bilan yakunlandi.

 

Natijada Sindarov turnirni mag‘lubiyatsiz — 6 g‘alaba va 8 durang bilan yakunlab, jami 14 imkoniyatdan 10 ochko to‘pladi. Bu ko‘rsatkich ikki davrali format tarixidagi eng yuqori natija bo‘lib, avvalgi rekord — 9,5 ochko Ian Nepomniachtchiga tegishli edi.

 

Shuningdek, Sindarov turnir davomida 6 ta g‘alaba qayd etib, yana bir rekord o‘rnatdi. Bungacha hech bir shaxmatchi Nomzodlar turnirida bunday natijaga erishmagan. Ilgari maksimal ko‘rsatkich 5 ta g‘alaba bo‘lib, bu natijani Magnus Carlsen, Fabiano Caruana va boshqa yetakchi grossmeysterlar qayd etgan.

 

Mazkur natija orqali Javohir Sindarov jahon chempionligi uchun rasmiy da’vogarga aylandi va amaldagi jahon chempioni — Dommaraju Gukeshga qarshi bahs olib borish huquqini qo‘lga kiritdi. Ushbu uchrashuv yil oxirida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda tomonlar 14 partiyadan iborat bahsda to‘qnash keladi.

 

Moliyaviy jihatdan ham Sindarov yirik mukofotga ega bo‘ldi. Unga birinchi o‘rin uchun 70 ming yevro kafolatlangan. Bundan tashqari, har yarim ochko uchun ajratilgan bonuslar hisobiga u 100 ming yevroga yaqin qo‘shimcha daromad ishlab topgan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"