Abduqodir Husanov “Manchester Siti”da mart oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi
O‘zbekistonlik himoyachi ushbu sovrin uchun kurashda jamoadoshlari Rodri va Jeremi Dokuni ortda qoldirib, g‘olib bo‘ldi.

O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov “Manchester Siti” muxlislari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra mart oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Klub matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘zbekistonlik futbolchi ushbu sovrin uchun kurashda jamoadoshlari Rodri hamda Jeremi Dokuni ortda qoldirib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Qayd etilishicha, Husanov mart oyi davomida jamoa safida barqaror va ishonchli o‘yini bilan muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan.
Shuningdek, bu mukofot futbolchining 2026-yildagi ikkinchi shaxsiy yutug‘i hisoblanadi. U avvalroq yanvar oyida ham “Manchester Siti” muxlislari talqiniga ko‘ra oyning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov 2025-yil yanvar oyida Angliyaning “Manchester Siti” klubiga qo‘shilgan. Shundan buyon u jamoa safida uch bor — 2025-yil fevral, 2026-yil yanvar va mart oylarida — oyning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilgan.








