Mojtabo Xomanaiy og‘ir jarohatlardan so‘ng davolanishni davom ettirmoqda — Reuters
Manbalar uning aqliy holati barqaror ekanini va ish faoliyatini davom ettirayotganini bildirgan.

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, Mojtabo Xomanaiy havo hujumi oqibatida olgan og‘ir jarohatlaridan so‘ng sog‘ayish jarayonini davom ettirmoqda.
Manbalarga tayanib bildirilishicha, u AQSh va Isroil harbiy amaliyotlarining ilk kunida Tehron markazida joylashgan uyiga berilgan zarba natijasida yuz qismidan jiddiy shikastlangan, shuningdek, ikkala oyog‘idan ham og‘ir jarohatlar olgan.
Shu bilan birga, manbalar uning aqliy holati barqaror ekanini ta’kidlamoqda. Xususan, u yuqori darajadagi rasmiylar bilan audiokonferensiya shaklida uchrashuvlar o‘tkazib, muhim siyosiy qarorlar, jumladan AQSh bilan muzokaralar bo‘yicha jarayonlarda ishtirok etishda davom etmoqda.
Agentlik qayd etishicha, bu ma’lumotlar so‘nggi haftalardagi uning sog‘lig‘i haqidagi eng batafsil tafsilotlarni o‘z ichiga oladi. Biroq, Reuters ushbu ma’lumotlarni mustaqil ravishda tasdiqlay olmagan.
Avvalroq The Times nashri Xomanaiy hushidan ketgani va Qum shahrida davolanayotgani haqida xabar bergan edi. O‘z navbatida, Eron rasmiylari uning ahvoli barqaror ekanini va davlat boshqaruvida faol ishtirok etayotganini ma’lum qilgan edi.







