Rossiya va Ukraina o‘rtasida 175 nafardan harbiy asir almashildi
Jarayonda BAA vositachi sifatida ishtirok etdi.

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, almashinuv doirasida Rossiya tomoni Ukraina asirligidan 175 nafar harbiy xizmatchini qaytarib oldi hamda o‘z navbatida 175 nafar ukrainalik harbiyni topshirgan.
Qayd etilishicha, qaytarilgan rossiyalik harbiylar hozirda Belarus hududida bo‘lib, ularga zarur tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilmoqda. Keyinchalik ular Rossiya hududidagi maxsus tibbiyot muassasalariga olib borilib, davolanish va reabilitatsiya jarayonidan o‘tkaziladi.
Mazkur jarayonda Birlashgan Arab Amirliklari vositachi sifatida ishtirok etib, gumanitar yordam ko‘rsatgani ta’kidlangan.
Shuningdek, Vladimir Zelenskiy o‘z bayonotida almashinuv natijasida 175 nafar harbiy xizmatchidan tashqari yana 7 nafar ukrainalik tinch aholi vakili ham qaytarilganini ma’lum qilgan.







