Navoiyda noqonuniy oltin qazib olgan shaxslar qo‘lga olindi
Katta miqdordagi oltin saqlovchi rudalar va maxsus uskunalar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Navoiy viloyatida noqonuniy oltin qazib olish bilan bog‘liq ikki holat fosh etildi. Bu haqda Zamon.uz'ga DXX xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, viloyatda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida davlat zaxirasidagi yerlarda oltin saqlovchi rudalarni qazib olish va ularni kimyoviy qayta ishlash bilan shug‘ullangan guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan.
Ushbu jinoiy faoliyatga Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yashovchi, 1988-yilda tug‘ilgan fuqaro boshchilik qilgan. U Navoiy viloyati Karmana tumanida joylashgan parrandachilikka ixtisoslashgan xo‘jalik binosini ijaraga olib, u yerda yashirin sex tashkil etgan.
Tezkor tadbir davomida 200 kilogramm yarim tayyor oltin, 200 qop oltin moddasi mavjud qum va toshlar, 300 kilogramm kimyoviy vositalar, maxsus laboratoriya jihozlari, gaz ballonlari va boshqa uskunalar ashyoviy dalil sifatida musodara qilingan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur holat oqibatida davlat manfaatlari va atrof-muhitga yetkazilgan zarar 7 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etgan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 196²-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Navbahor tumanida ham shunga o‘xshash holat aniqlangan. Unda mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari soxta ruxsatnoma asosida “Sarmishsoy” davlat muzey-qo‘riqxonasi hududida noqonuniy ravishda oltin qazib olish ishlarini tashkil etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u 8 gektar maydonda 19 nafar fuqaroni jalb qilgan holda qazish ishlarini amalga oshirgan. Tezkor tadbir davomida 6 kilogramm yarim tayyor oltin, 430 tonnadan ortiq oltin saqlovchi rudalar, kimyoviy vositalar, yuk avtomobillari, yuklovchi texnikalar hamda boshqa uskunalar musodara qilingan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur holatda 6,1 milliard so‘mlik qazilma boyliklar noqonuniy ravishda o‘zlashtirilgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan laboratoriya tahlillari tayinlangan bo‘lib, ekologiya va atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda. Tergov harakatlari davom etmoqda.







