O'zbekiston

Qodiriyning so‘nggi iltijosi

Eng so‘nggi tun dahshati hammasidan oshib tushadi. Bora-bora bog‘ devoriga yaqinlashib, o‘n besh – yigirma odim narida qorong‘i tunda sodir bo‘layotgan qotillik jazavasi poyonida kutilmagan hodisa ro‘y beradi. Birin-ketin qisqa tanaffuslar osha yangragan o‘q ovozlari, ingrashlardan so‘ng, devor ortidan bog‘bon qulog‘iga tanish ovoz eshitiladi.

Qodiriyning so‘nggi iltijosi

Bugun, 10-aprel — o‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriyning tavallud topgan kuni. Abdulla Qodiriy adib va shoir sifatida 1912-yillarda faoliyatini boshlagan. “To‘y” “Ahvolimiz”, “Millatimga”, “Fikr aylagil” kabi she’rlari “Baxtsiz kuyov” dramasi, “Juvonboz” hikoyasi uning ilk asarlaridir. 

 

1926-yili “Mushtum” jurnalida Qodiriyning “Yig‘indi gaplar” nomli hikoyasi bosilib chiqadi. Hikoya asosan tanqidiy ruhda bo‘lgani uchun “aksilinqilobiy harakat qilganlikda” ayblanib qamoqqa olinadi. Adib o‘zini mardonavor himoya qila oladi, shuning uchun qisqa muddatdan so‘ng ozod etiladi. Shundan so‘ng ham tanqidiy asarlar, hajviyalar yozishdan to‘xtamaydi. Abdulla Qodiriy 1937-yilning 31-dekabrida “xalq dushmani” sifatida yana hibsga olinadi. 

 

1938-yilning 4-oktyabrida xalqimizning o‘nlab fidoyi farzandlari qatorida Qodiriy qatag‘onning qo‘rg‘oshin o‘qlariga nishon bo‘ldi. Buyuk adib hayotining so‘nggi daqiqalari aks etgan ushbu hikoya taniqli adabiyotshunos olim, ustozimiz  Umarali Normatovning “Sharq yulduzi" jurnalida 2013-yilda bosilgan shu nomdagi maqolasidan olingan. 

 

...O‘sha hodisa shohidi Mirolim Mirkomilov – beshikchi usta hamda mirishkor bog‘bon Qodiriyning ashaddiy muxlislaridan sanalgan, bir necha bor adibning Samarqand darvozada joylashgan bog‘ hovlisidagi gurunglarda ishtirok etib, uning suhbatlarini tinglagan. O‘z navbatida, Qodiriy ham bu odamning Bo‘zsuv bo‘yidagi bog‘ida mehmon bo‘lgan. Yozuvchi boshiga tushgan ko‘rgiliklarni eshitib, ich-ichidan o‘rtanib yurgan kezlari, qarangki, bu sadoqatli zot adibning umri poyoni voqealarining shohidi bo‘lgan.

 

Mirolim Mirkomilov, odatdagidek, yoz oylarini oilasi bilan Bo‘zsuv bo‘yidagi bog‘ida, qish kunlarini esa shahar hovlisida o‘tkazardi. 1938-yilning erta kuzida oila a’zolari shahar hovlisiga ko‘chib o‘tgan, hali meva-chevalar oxirigacha yig‘ib olinmaganligi uchun bog‘ hovlida tanho o‘zi qolgan edi. Tunlar ayoz. Buning ustiga bir haftadirki, bog‘ ortidagi jarlikda sodir bo‘layotgan tungi notinchliklar unga uyqu bermaydi. Yarim tundan boshlab, dam-badam yangragan o‘q ovozlari, o‘limga mahkum etilgan sho‘rliklarning oh-fig‘onlari, ingroqlari, goho kalimayi shahodat sadolari qulog‘iga chalinadi, bog‘bonni bezovta qiladi.

 

Eng so‘nggi tun dahshati hammasidan oshib tushadi. Bora-bora bog‘ devoriga yaqinlashib, o‘n besh – yigirma odim narida qorong‘i tunda sodir bo‘layotgan qotillik jazavasi poyonida kutilmagan hodisa ro‘y beradi. Birin-ketin qisqa tanaffuslar osha yangragan o‘q ovozlari, ingrashlardan so‘ng, devor ortidan bog‘bon qulog‘iga tanish ovoz eshitiladi:

 

“Tatarmisan? Musulmonmisan?” Bog‘bon birdan hushyor tortadi. “Bu o‘zimizning Qodiriy-ku!” deya, ichdan ovozsiz hayqiradi. (Ehtimol, Qodiriy komandirning rus tilidagi tatarchaga xos ohangdagi buyruqlaridan uning tatar millatiga mansub­ligini sezib, shunday savol bergandir?)

Shu zahoti, bog‘bon orani to‘sib turgan paxsa devorga yaqinlashib, devor tirqishidan mo‘ralaydi. Tungi g‘ira-shirada, bir-biriga ro‘para turgan komandir bilan mahbusga ko‘zi tushadi. Boyagi savolga javob bo‘lmaydi. “Sukut alomati rizo” naqliga amal qilib mahbus so‘zida davom etadi:

 

“Komandir o‘g‘lon! Flyagang bormi?” Yana jimlik. Mahbus endi undan iltijo qiladi: “Xudo haqi, umrim so‘nggida, sendan birgina iltimosim – flyagangni berib tur. Tahorat olib, ikki rakat namoz o‘qiy. Bor-yo‘g‘i besh minut muddat ber…”

 

So‘nggi iltijo har qanday tosh yurakni ham eritib yuboradigan ohangda aytilganidan bog‘bon o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoladi. Qolaversa, mahbusning tatarcha lafzi, aytgan so‘zlari komandirning tosh yuragini yumshatdi, shekilli, mahbus o‘tinchini indamaygina bajo keltiradi. Asrga teng o‘sha fig‘onu iztiroblarga to‘la daqiqalar qanday o‘tganini bog‘bon umrining oxiriga qadar eslab, ezilib yuradi. So‘ng yana o‘sha tanish, ammo bu gal mardona ovoz eshitiladi:

 

“Otangga rahmat, komandir o‘g‘lon! Men tayyorman! Buyrug‘ingni beraver!”

 

...U yog‘i nima bo‘lganini bog‘bon bilmaydi. Birdan yangragan o‘q ovozi qulog‘ini kar qiladi, o‘sha so‘nggi o‘q o‘ziga tegganday, esidan og‘ib, devor yoniga qulab tushadi. Bir payt o‘ziga kelib, ko‘z ochib qarasa, tong yorishib qolibdi. Ham tonggi ayozdan, ham boyagi ko‘rgiliklar iztirobidan vujudi titrab, arang o‘rnidan turadi. Tahorat olib, bomdod namozi poyonida Qur’on tilovat qilib, odatdagidek, bu kecha shahid ketganlar haqiga baxshida etadi.

 

Shundan so‘ng Mirolim Mirkomilov devor oshib, tungi o‘zi shohid bo‘lgan hodisa joyiga boradi. Boyagina tuproq tortilgan choh chekkasida shahidlardan birining oyoq uchi ochiq qolganiga ko‘zi tushadi. Bu esa, so‘nggi shahid – Qodiriyning oyog‘i ekani ayon. Qotillar tong yorishib qolgani uchun, oxirgi buyruq ijrosidan so‘ng, ajal chohiga apil-tapil tuproq tortib juftakni rostlaganlar. Usta – bog‘bon darhol ortga qaytib, bog‘ hovlisidan ketmon olib chiqadi, yalpi mozor – chohga tuproq tortib, uni shibbalaydi. So‘ng yakka o‘zi janoza o‘qib, shahid ketganlar, jumladan, qadrdoni – buyuk adib Qodiriy ruhi poki oldidagi burchini ado etadi.

 

Keyinchalik, arxiv hujjatlaridan ma’lum bo‘ldiki, o‘sha mash’um 4-oktyabr tuni Qodiriy qatori Cho‘lpon, Fitrat kabi jami o‘n sakkizta ziyolilar qatl etilgan. Ehtimol, ularning barchasi, ayni shu Qodiriy jismi poki qulagan chohga dafn qilingandir, o‘sha mash’um tunning so‘nggi qurboni balki Qodiriy bo‘lgandir.

Rustam Jabborov

 

custom img

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxorodagi aeroport loyihasi bilan tanishdi

Yangi aeroport va unga tutash infratuzilma uchun shahar tashqarisidan 370 gektar yer maydoni ajratilgan.

custom img

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroning tarixiy qismiga tashrif buyurdi

Davlat rahbari shahar aholisi va mehmonlarini samimiy qutladi.

custom img

Buxoroda Ko‘kdala tajribasi asosida yangi boshqaruv markazi shakllantirilmoqda

Yangi ma’muriy markazda davlat idoralari bir joyga jamlanib, fuqarolar uchun qulay xizmat tizimi yaratiladi.

custom img

Toshkentda Spark va BYD to‘qnashuvida haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, piyodani urib yubordi

Jabrlanuvchiga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

custom img

O‘zbekistonda aeroportlar yaqinida varrak uchirish taqiqlanib, nazorat kuchaytirildi

Qoidabuzarlarga 20–100 BHM jarima yoki 15 sutkagacha qamoq jazosi qo‘llanadi.

custom img

Navoiydagi xususiy bog‘chada bolalarga zo‘ravonlik qilgan tarbiyachi qamoqqa olindi

Gumonlanuvchi o‘z qaramog‘idagi bolalarni muntazam kaltaklab kelgani aniqlandi.

custom img

Shavkat Mirziyoyev Buxoroga jo‘nab ketdi

Qosim-Jo‘mart To‘qayev 11-aprel kuni amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Tashrif doirasida Buxoroda oliy darajadagi muzokaralar va boshqa tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

custom img

O‘zbekistonda litsenziya talablarini qo‘pol ravishda buzgan 23 ta dorixonaga chora ko‘rildi

Litsenziyasi bekor qilingan dorixonalar va ularning filiallari manzillari hamda xodimlari maxsus reyestrga kiritildi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"