Ittifoqchilik, savdo, transport: Qosim-Jo‘mart To‘qayevning O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlari muhokama qilindi
27 dekabr kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston va Qozog‘iston. Strategik sheriklik va ittifoqchilikni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

O‘zbekiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Qozog‘iston bilan hamkorlik esa Respublikaning mintaqa diplomatiyasida katta o‘rin egallaydi.
So‘nggi yillarda Toshkent va Ostona o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda. O‘tgan haftada Qosim-Jo‘mart Toqayevning mamlakatimizga davlat tashrifi buni yana bir marta isbotladi.
27 dekabr kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston va Qozog‘iston. Strategik sheriklik va ittifoqchilikni rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ikki davlat munosabatlari istiqbollari, o‘tgan haftadagi tashrif yakunlari va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Prezident huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov ikki davlat munosabatlari ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilganiga eʼtibor qaratdi. Shuni alohida qayd etish lozimki, aynan O‘zbekiston va Qozog‘iston Markaziy Osiyo davlatlari ichida ilk bor “Ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida shartnoma” imzoladi.
Aripov ikki davlatning iqtisodiy aloqalari ham tobora faollashib borayotganini taʼkidladi. O‘zbekistonning mintaqa davlatlari bilan o‘zaro savdosining 60 foizi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi. 2017 yildan buyon o‘zaro savdo 2 barobarga ko‘paydi. Biznes doiralar o‘rtasidagi hamkorlik faollashgani ham qayd etildi.
Bundan tashqari, Eldor Aripov mintaqaning geografik jihatdan yopiq ekanini, bu transport koridorlarini rivojlantirishni taqozo etayotganini qayd etdi. Bu borada Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi alohida o‘rin tutadi.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi energetika hisoblanadi. so‘zga chiqqan aksariyat spikerlar buni tasdiqladi. Xususan, Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamkulov o‘z chiqishida ushbu yo‘nalishga eʼtibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kaspiy dengizi orqali Yevropaga eksport qilinayotgan energetik resurslar bosqichma-bosqich O‘zbekistonga yo‘naltiriladi. Dunyoda kuzatilayotgan energetik inqiroz va uglevodorodlar taqchilligi fonida bu o‘ta muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, konferensiyada ikki davlat o‘rtasida madaniy, ilm-fan, ijtimoiy, bundan tashqari, ekspertlar jamiyati o‘rtasidagi aloqalarni yana-da rivojlantirish zarurligi qayd etildi.







