O‘zbekiston hukumati kimdan qancha qarz?
O‘zbekiston davlat qarzi 2025 yil davomida 6,6 mlrd dollarga oshib, 46,8 milliard AQSH dollardan oshdi. Davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 31,9 foizga qisqardi. Tashqi qarzning teng yarmi byudjet taqchilligini moliyalashtirishga saflangan. Bir qarashda bu raqam vahimali ko‘rinadi. Odamlar orasida va ijtimoiy tarmoqlarda mamlakat qarzga botgani yoki Xitoyning “qarz tuzog‘iga” tushib qolgani haqidagi xavotirlar tez-tez quloqqa chalinadi. Ammo bu raqamlarga his-hayajon bilan emas, balki qatʼiy iqtisodiy nuqtayi nazardan qarasak, manzara butunlay boshqacha ekanini ko‘ramiz.

Umuman olganda davlatning qarz olishi yomonlikni anglatmaydi, balki davlat davlat jihatlarini yaxshilab olishi uchun boshqa banklar yoki xalqaro tashkilotlardan qarz oladi. Misol uchun, Xalqaro manbalarda qayd etilishicha, Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyodagi eng katta davlat qarzi bor mamlakat hisoblanadi. 2025 yil oxirida Qo‘shma Shtatlarning davlat qarzi 38,5 trillion AQSH dollarini tashkil qiladi. Oxirgi vaqtlarda iqtisodi tez surʼatlarda rivojlanayotgan Xitoyning tashqi qarzi 2025 yil maʼlumotlariga ko‘ra, taxminan 18-19 trillion AQSH dollarini tashkil qiladi. Bu raqamlar ko‘pincha Xitoyning markaziy va mahalliy hukumat qarzlarini birlashtiradi hamda standart IMF formulalariga ko‘ra baholanadi. Yevropadagi iqtisodi barqaror deya aytiladigan Fransiyaning 2025 yil yakuni bo‘yicha umumiy davlat qarzi 3,48 trillion dollarni tashkil qiladi. Eslatib o‘tamiz, bu Fransiyaning umumiy davlat qarzi hisoblanadi.
Qarz qachon yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin?
Iqtisodchilarning fikricha, davlat olayotgan qarz noto‘g‘ri va besamar foydalanilsa hukumat qarzini to‘lashga qiynala boshlaydi. Diqqat qiladigan joyi esa, davlat olayotgan qarzlarini to‘g‘ri sarflanishini nazorat qilishi kerak. Pullar kimningdir qornini qappaytirmasligi kerak. Shu bilan birga hukumat tashqaridan olayotgan pullarni iloji boricha qaytib keladigan sohalarga yo‘naltirishi kerak. Afsuski ko‘p hollarda pullar karomatini yopish uchun ishlatilmoqda.
O‘zbekistonga kimlar qancha qarz bergan?
Davlat tashqi qarzining asosiy qismi — 22,3 mlrd dollari yoki 56 foizi xalqaro moliya institutlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Jahon banki (8,9 mlrd dollar yoki 22 foiz) va Osiyo taraqqiyot banki (8,35 mlrd dollar yoki 21 foiz) xorijiy kreditorlar orasida mutlaq yetakchilikni qo‘lga kiritgan.
Tashqi qarzning 11,7 mlrd dollari (29 foiz) xorijiy hukumatlarning moliya tashkilotlari tomonidan ajratilgan. Eng yirik kreditorlar Xitoy taraqqiyot davlat banki va Eksimbanki — 3,9 mlrd dollar. Ayni paytda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi qariyb 3 mlrd dollar O‘zbekistonga qarz bergan. Shuningdek, xalqaro obligatsiyalar hisobiga xorijiy investorlardan 5,8 mlrd dollar miqdorida mablag‘ jalb qilingan.
Hukumat pullarni qaysi yo‘nalishlarga sarflamoqda?
Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, byudjet taqchilligi qoplash uchun tashqi qarzning teng yarmi — 19,8 mlrd dollar sarflangan.
5,6 mlrd dollar yoki jami tashqi qarzning 14 foizi yonilg‘i-energetika sanoatiga to‘g‘ri keladi. Shundan 4,1 mlrd dollar mablag‘ elektroenergetika sohasiga, 1,4 mlrd dollar neft va gaz sohasi, qolgan qismi ko‘mir sanoatiga yo‘naltirilgan.
3,5 mlrd dollar (yoki 9 foiz) mablag‘ sog‘liqni saqlash, taʼlim, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari hamda boshqa sohalarga yo‘naltirilgan.
Transport va transport infratuzilmasi, qishloq va suv xo‘jaligi hamda uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalarining har biriga 3 mlrd dollardan ortiq mablag‘ ajratilgan.
Joriy yilning 10 yanvar kuni O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mamlakat tashqi qarzi o‘sib borayotgani yuzasidan izoh berib, qarz jalb etishdan maqsad — aholining turmush darajasini oshirish, tashqi moliyalashtirish iqtisodiyot tezroq o‘sishi uchun resurslarga bo‘lgan ehtiyoj bilan bog‘liq ekanini taʼkidlagan edi. Vazirlik izohiga ko‘ra, O‘zbekiston davlat qarzining hozirgi darajasi xalqaro tasnifga ko‘ra “moʻtadil va boshqariladigan” hisoblanadi.
Shuningdek, Markaziy bank raisi Timur Ishmetov qarz yukini baholashda absolyut raqamlarga emas, balki qarzning iqtisodiyot hajmiga (YAIM) nisbatiga eʼtibor qaratish lozimligini aytgan edi.
Uning aniqlik kiritishicha, so‘nggi besh yil ichida davlat qarzining YAIMga nisbati 32 foizdan 29 foizdan kamroqqacha pasaydi, bu esa qarz barqarorligining izdan chiqish xavfi yo‘qligini ko‘rsatadi. Timur Ishmetov, shuningdek, yangi qarzlarni jalb etish bevosita budjet taqchilligi bilan bog‘liqligini qo‘shimcha qilgan.
Shohjahon Majidov tayyorladi







