Prezident Shavkat Mirziyoyev 2027–2029-yillarda OQXJ prezidenti etib saylandi
Oʻzbekiston Prezidenti Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga raislikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-aprel kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan tadbirda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda OQXJ Ijroiya qo‘mitasi raisi Asxat Orazbay qatnashdi.
Yig‘ilishda Qozog‘istonning 2023–2026-yillarda jamg‘armaga raisligi yakunlari sarhisob qilinib, Orol dengizi havzasidagi ekologik vaziyat, suv resurslarini boshqarish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida iqlim o‘zgarishi, suv resurslari tanqisligi va aholi sonining ortib borishi sharoitida jamg‘armaning roli tobora ortib borayotganini ta’kidladi.
Prezident ta’kidlaganidek, ekspertlar hisob-kitoblariga ko‘ra, 2040-yilga borib Orol dengizi havzasida suv tanqisligi yiliga 20 milliard kub metrgacha yetishi mumkin. Bu esa ekologiya, qishloq xo‘jaligi, energetika va ijtimoiy barqarorlikka qo‘shimcha xavf tug‘diradi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtaldi. Jumladan, sug‘oriladigan yerlarning 60 foizida suvni tejovchi texnologiyalar joriy etilgani, irrigatsiya tarmoqlarining 40 foizi betonlashtirilgani hamda nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish orqali energiya sarfi qariyb 30 foizga qisqartirilgani qayd etildi.
Shuningdek, 600 mingdan ortiq suv foydalanuvchi va 4 million gektardan ziyod sug‘oriladigan maydonni qamrab oluvchi yagona raqamli ma’lumotlar bazasi yaratilayotgani ma’lum qilindi.
Davlat rahbari O‘zbekistonning kelgusi yildan boshlanadigan OQXJ raisligi davridagi ustuvor yo‘nalishlarini ham bayon etdi.
Ular orasida jamg‘arma faoliyatini modernizatsiya qilish, uning huquqiy bazasini takomillashtirish, vakolatlarini kengaytirish, dastur va loyihalar samaradorligini oshirish, xalqaro moliyaviy resurslarni jalb etish, suv-energetika va ekologiya yo‘nalishlarida mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish masalalari mavjud.
Prezident, shuningdek, “Kelajak suvi” mintaqaviy dasturini ishga tushirish, aholida suvga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirish, uzluksiz ta’lim tizimi orqali suvdan oqilona foydalanish madaniyatini keng targ‘ib etishni taklif qildi.
Afg‘onistonni iqlim, ekologiya hamda suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikka jalb etish muhimligi ham alohida qayd etildi.
O‘zbekiston rahbari 2026–2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish tashabbusini ilgari surdi.
Yig‘ilish yakunida Ostona bayonoti, bir qator muhim qarorlar hamda O‘zbekiston Prezidentini 2027–2029-yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi prezidenti etib saylash to‘g‘risidagi hujjat imzolandi.








